O’shda bir necha jurnalist kaltaklangan, o’zbek faollari hibsda

Xalqaro tashkilotlarning bildirishicha, Qirg’iziston janubidagi qirg’in haqida axborot yig’ishga intilgan mahalliy jurnalistlarga bosim davom etmoqda.

Chet el jurnalistlarining ham O’sh va Jalolobodda jabr ko’rgan fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashishga to’sqinlik borligi aytilmoqda.

Bu orada o’zbeklarga qarashli O’sh TV va Mezon TV idoralari zarar ko’rgan. Dasturlar efirga chiqmay, o’zbek jurnalistlar ham xavfsizlik sabab ishga borishdan bosh tortmoqda. Birgina O’shda noma’lum kishilar kamida olti jurnalist kaltaklab ketilgan.

Amerika Ovozining o’zbek tilidagi dasturlarini uzatgan Keremet TV direktori Omurbek Abduraimovning aytishicha, jarohat olganlar orasida mazkur kanal xodimi ham bor - operator Botir Mamajonov.

Uning mashinasi, kamerasi, boshqa jihozlari tortib olingan. Mamajonov Kasalxonadan chiqqan, hozir ahvoli yaxshi. Hujumni kim qilgani, jurnalistning ishiga bog’liq yoki yo’qligi noma’lum, deydi Omurbek Abduraimov.

Bu orada janubda o’zbek faollari asossiz hibsga olinayotgani ma’lum. Xususan, o’zbek milliy madaniy markazi xodimlariga bosim kuchli. O’shlik ziyoli Muhammadjon nazarida taniqli o’zbeklarning uyi, idoralarida tintuv o’tkazishdan maqsad, vaziyatni chigallashtirish, e’tiborni chalg’itish.

“Go'yoki bu mudhish voqealarning sababchisi o’zbeklar deb ko’rsatish”, - deydi u. “O’zbek faollarning uylaridan qurollar topildi degan gaplar bo’layapti, bu bo’hton”, - deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, xalqaro tashkilotlar O’sh shahar Ichki ishlar bo’limida saqlanayotgan bu mahbuslar holidan xabar olmoqda. Faollarga nisbatan qiynoqlar qo’llanmoqda degan xavotir bor, deydi ziyoli.