Qirg’iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov yangi vazirlar mahkamasi shakllanib, mamlakatdagi siyosiy mavhumlikka barham berilishi bilan iste’foga chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
“Men uchun hech qanday lavozim davlat yaxlitligidan, el birligidan, jamiyat tinchligidan yuqori emas”, - deyiladi prezident saytidagi bayonotda.
Your browser doesn’t support HTML5
Jeenbekov muxolifat bosimi ostida hokimiyatdan ketishga majbur bo’lgan Bosh vazir Qubatbek Bo’ronov va uning mahkamasi iste’fosi haqidagi arizani imzoladi.
9-oktabr kuni raqib siyosatchilarning tarafdorlari o’rtasida ro’y bergan to’qnashuv ketidan Bishkekda favqulodda holat e’lon qilingan. 21-oktabrgacha poytaxtda komendantlik soati joriy etilib, transport va odamlarning harakatlanishi cheklanadi, ommaviy tadbirlar va namoyishlar o’tkazish taqiqlanadi.
Prezident shahar komendanti lavozimiga ichki ishlar vaziri muovini Almazbek Orozaliyevni tayinlashga farmon chiqardi. Orozaliyev vaqtincha ichki ishlar vaziri lavozimiga ham tayinlandi.
Xabarlarga qaraganda, bugun Bishkekdagi “Ala-Too” maydonida sobiq prezident Almazbek Atambayev va sobiq bosh vazir Omurbek Babanovning tarafdorlari hamda sobiq deputat Sadir Japarovni quvvatlayotganlar o’rtasida to’qnashuv ro’y bergan. Tomonlar bir-birini to’shbo’ron qilgan.
Bir necha kishi jarohat olgan. Atambayev maydonni tark etayotganda uning mashinasiga o’q uzilgani xabar qilindi.
Avvalroq Atambayev Jeenbekovni “tinch yo’l bilan” iste’fo berishga chaqirgan edi. Uning aytishicha, Jeenbekovni hokimiyatda ushlab turishga urinayotgan guruhlar bor.
Hukumat tanqidchilari va G’arb kuzatuvchilariga ko’ra, 4-oktabr kuni o’tgan parlament saylovlarida ommaviy ravishda ovozlarni sotib olish kuzatilgan. Hukumat va xususan Jeenbekovga aloqador ikki partiya parlamentga kirishi ketidan mag’lub bo’lgan muxolif partiyalar va ularning tarafdorlari saylov natijalarini tan olishdan bosh tortib, isyon ko’tardi, hukumat binolarini egalladi, ayrim siyosatchilar, jumladan sobiq prezident Almazbek Atambayevni qamoqdan ozod etishdi. Saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi.
Jeenbekovning idorasini namoyishchilar qo’lga kiritganidan beri prezidentning qayerdaligi haligacha noma’lum.
Saylovdan keyin ichki ishlar vazirligi rahbarligini o'z qo'liga olgan general Kursan Asanov sobiq vazir Qashqar Junushaliyevning mamlakatdan qochganini aytdi. Saylovda "Butun Qirg'iziston" partiyasidan qatnashgan Asanov Bishkek komendantligini ham o'ziga olgan edi. Namoyishlardan so'ng lavozimlarini tashlab ketgan ba'zi hokimlar idoralariga qaytgan, jumladan O'sh shahar hokimi Taalaybek Saribashev.
Parlamentdagi deputatlar iste’foga chiqqan vazirlar o’rnini kim egallashi kerakligi bo’yicha kelisha olmayapti.
Muxolifatning bir qismi jazo koloniyasidan ozod etilgan sobiq deputat Sadir Japarov nomzodini bosh vazirlikka ko'rsatdi, boshqalar uning nomzodiga qarshi chiqmoqda. Tadbirkor Tilek Toktogaziyev o'zini bosh vazir deb hisoblayapti. Sobiq bosh vazir Omurbek Babanov ham lavozimiga qaytishga umid qilmoqda. "Respublika", "Ota-Makon", "Reforma", "Bir Bol" partiyalari uning nomzodini qo'llab-quvvatlayapti.
Bu o’rtada Qozog’iston, O’zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari Qirg’izistondagi vaziyat bo’yicha qo’shma bayonot qabul qildi. Prezidentlar Qirg’izistondagi siyosiy partiyalarni mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga chaqirib, barcha kelishmovchiliklar konstitutsiya va boshqa qonunlar doirasida hal etilishiga umid bildirdi.