Keyingi paytlarda Qirg’iziston janubida tez-tez yer qimirlamoqda. Joriy oyning ikkinchi yarmida O’sh viloyatida 5-7 ballgacha zilzilalar qayd qilingan. Qirg’iziston Fanlar akademiyasining seysmologiya instituti mutaxassislari aholini ogoh bo’lishga chorlayapti. Hukumat jabr ko’rgan xonadonlarga iloji boricha yordam berayapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Hukumat Rossiya Federasiyasidan moddiy ko’mak ham so’ragan. Zilzila xavfi mavjud mintaqa uchun tavsiya-tadbirlardan Qirg’iziston ahli naqadar xabardor? Tegishli idoralar qanday choralar ko’rmoqda?
Keyingi haftalarda tez-tez takrorlangan va davomli kechgan zilzilalar Janubiy Qirg’iziston aholisi orasida xavotir tug’dirdi. Tabiat sinovlariga hozirlik masalalari ko’pchilikni o’ylantiradi.
O’sh viloyat ob-havo xizmati boshlig’i Baxtiyor Hasanov deydiki, Qirg’iziston seysmik jihatdan faol mintaqada joylashgan ekan, aholi bolalikdan boshlab yer silkinishi hollariga mumkin qadar tayyor holda yashashga o’rganmog’i lozim.
“Doimiy hozirlik talafotlar va yo’qotishlar ehtimolini kamaytiradi”, - deydi ushbu mutaxassis.
Texnika fanlari doktori, O’sh texnologiya universitetining professori Odiljon Marufiy aholining favqulodda holatlar, ayniqsa, zilzilalar ehtimoliga hozirligini qoniqarsiz, deb baholaydi.
Uningcha, qishloqlarda yakka xo'jaliklar tiklayotgan turar-joy binolarining taxminan 70 foizi xavfsizlik talablariga javob bermaydi.
“Agar gap mablag’ yetishmasligida bo’lsa, devorlarni ko’tarishda ota-bobolar qo’llab kelgan sinch usulidan foydalangan ma’qul. Bu binoning zilzilaga chidamliligini ma’lum darajada oshiradi”, - deydi professor.
“Birinchi navbatda aholining xabardorligini ta’minlash darkor. Yoshmi-qari, barcha yer silkinishi jarayoni borasida tushunchaga ega bo’lishi kerak. Zilzila nima, qanday kechadi, uning episentri, seysmik to’lqinlar… Odamlar o’zini qanday tutish, nima qilish kerakligini bilishi lozim. Shunda sarosimaga berilish hollari kam bo’ladi”, - deydi olim.
Uningcha, aholining favqulodda holatlarga psixologik jihatdan tayyorligi darajasi muhim va jiddiy masala.
Favqulodda holatlar vazirligining matbuot xizmati axboroticha, hukumat fuqarolarga seysmologiya talablariga javob beruvchi turar-joylar loyihalarini tavsiya etmoqda.
“Qurilish sifatiga e’tiborsizlik odamlarga ham, davlatga ham qimmat tushishini hayotning o’zi ko’rsatmoqda”, - deydi xizmat xodimi Abdusharip Bekilov.
Mulozimning aytishicha, poytaxt Bishkek hamda O’sh shaharlarida mahalliy boshqaruv tizimlari rahbarlari, shuningdek, aholi vakillari uchun o’quv markazlari tashkil etilib, ularda favqulodda holatlarga tayyorgarlik masalalari o’rganilmoqda. Besh yildirki, maktablarda tegishli dars kiritilgan.
Suhbatdoshga ko’ra, favqulodda holatlarga duch kelgan aholiga ruhiy yordam ko’rsatish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi.
“Joylarda zilzila tufayli salomatligi zaiflashgan, aytaylik, yurak-qon tomir sistemasi shikastlangan yoki ruhiy zarba olgan odamlarga tibbiy yordam ko’rsatilmoqda. Ammo bu kam deb o’ylayman. Vazirligimiz 2020-yilgacha har bir tuman va viloyatda favqulodda holatlardan jabr tortgan odamlarga ruhiy ko’mak ko’rsatuvchi guruhlar tashkil etishni rejalashtirmoqda”, - deydi Bekilov.
Kuzatuvchilar mahalliy boshqaruv tizimlari xodimlarining malakasi hamda mas’uliyatini oshirish zaruriyatini urg’ulaydi. Toki aholiga turar-joy uchun xavfli maydonlardan o’rin berilmasin, qurilish ishlari qat’iy nazorat ostiga olinsin.
Qirg’izistonlik mutaxassislar, shuningdek, mintaqa o’lkalarining seysmologiya xizmatlari o’rtasida tig’iz hamkorlikni yo’lga qo’yish lozim, deb hisoblashadi.