Jalol-Obod shahrining markaziy maydonida yuzlab odam to’plangan. Ular “Ota-Yurt” partiyasi rahbari Qamchibek Toshiyevga qilingan hujum va ko’tarilgan mojarodan tashvish bildirgan.
Odamlarning qo’lida “Qamchibek Toshiyev – xalq yetakchisi!”, “Muvaqqat hukumat, “Ota-Yurt” partiyasidan qo’lingni tort!” qabilida shiorlarni ko'rasiz. Militsiya bu aksiyaga to’sqinlik qilmagan.
Namoyishchilar hukumatga qator talablar qo’ygan. Ularning aytishicha, Qirg’iziston Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Duyshebayev ishdan ketishi, idora faoliyati esa sichiklab tekshiruvdan o’tishi kerak. Bundan tashqari Toshiyevning uyiga hujum qilgan kishilar, voqeaga aloqador kishilar javobgarlikka tortilsin, deb talab qiladi ular.
Partiya tarafdorlari nazarida davlat televideniye “Ota-Yurt” haqida bir yoqlama axborot uzatmoqda va telekanal rahbari ishdan ketishi darkor.
Miting qatnashchilari millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasida mafkura-dastur va chegarani himoya qilish strategiyasi ishlab chiqilishi lozim, demoqda.
Ushbu talablarga javob berish uchun “Ota-Yurt” tarafdorlari rasmiy Bishkekka bir kun muhlat bergan. Aks holda norozilik chiqishlari davom etadi, deydi ular.
Qamchibek Toshiyev Jalol-Obod viloyatida tug’ilib o’sgan va “Ota-Yurt” bu hududda salmoqli ovoz olgan.
Saylovda g’alaba qilgan “Ota-Yurt” va raqib partiyalar o’rtasida bahslar kuchaygan.
O'tgan hafta Toshiyevning uyiga bir necha kishi hujum qilgan edi. Uning tan soqchilari va o'zi jarohat olgan. Voqeadan so’ng uning partiyasi tarafdorlari to’polon ko’tarib, hujumda xavfsizlik xizmatini ayblagan.
Toshiyev kecha prezident huzurida bo'lgan va Roza Otunbayevadan bu hodisani tergov qilinadi degan va'da olgan.