Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti delegatsiyasi tez kunda Bishkekka borishi, Qirg’iziston janubidagi vaziyatni muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham qirg’inlar yuzasidan tarqatgan bayonotida qurbonlar, zo’ravonlikni, millatlar o`rtasiga nifoq solayotgan jinoiy kuchlarni zudlik bilan to`xtatishga chaqiradi.
ShHT vaziyat tez orada tinchib, millatlararo nizolarga barham beriladi degan umidda. Tashkilotga a`zo davlatlar vaziyatni barqarorlashtirish uchun zudlik bilan yordam uyushtirish, jumladan, qochqinlarning asosiy qismi joylashgan O`zbekistonga insonparvarlik yordami yetkazish zaruratini ta`kidlaydi.
O`shdagi qirg`inlar 11 iyunda ShHTning Toshkentdagi sammiti bilan bir paytda boshlangan edi.
Anjumanda Qirg’izistondagi vaziyat haqida axborot bergan bu davlat tashqi ishlar vaziri buni shunchaki to’polon deya ta’riflagan edi. Tashkilot a`zolari voqeaga Qirg’izistonning ichki ishi sifatida qaragan.
Sharhlovchilarga ko`ra, ShHT o`sha paytdayoq vaziyat yuzasidan keskin qaror chiqarganda etnik qirg`inlarning oldini olish mumkin edi.
“Boshlanishi ayon edi-ku! ShHTda bu masalani ko`ndalangiga qo`ysa bo`lardi-ku! ShHT o`zi katta tashkilot, BMTga murojaat qilsa bo`lardi-ku! Xitoy, Rossiya, mintaqadagi davlatlar. O`zbekiston birinchi bo`lib shu masalani ko`tarishi lozim edi. To`g`ri, O`zbekistonning bavosita aralashishga haqqi yo`q, qo’shnichilik bir kunlik masala emas. Asrlar davomida kelayotgan qo`shnichilik, axir yaxshi yashardik-ku!” - deydi yozuvchi Sobit Madaliyev.
O`sh va Jaloloboddagi qirg’inlar tufayli O`zbekistonga o`tgan qochqinlar soni 110 mingdan oshgan. Farg`ona viloyatidagi o`nlab lagerlarda joylashtrilgan qochqinlarga O’zbekiston jamoatchiligi, xalqaro tashkilotlar tomonidan yordam yetkazilmoqda.
AQSh davlat kotibi yordamchisi Robert Bleyk 18 iyun kuni Andijonda bo`lgan edi. Qochqinlar yashayotgan sharoit bilan tanishgan diplomat chegaradagi vaziyatni gumanitar bo`hron sifatida baholagan va AQSh dastlabki shoshilinch yordam sifatida 5 million dollar ajratadi, degan edi.