Qirg’izistonda yangi hukumatni Respublika partiyasi tuzadi

  • Amerika Ovozi

Respublika partiyasi rahbari Omurbek Babanov

Parlament boshqaruviga o'tgan Qirg'izistonda uch partiyadan iborat, yaqinda tuzilgan koalitsiya tarqalib ketgach, prezident Roza Otunbayeva yangi hukumat tuzish vazifasini "Respublika" partiyasi zimmasiga topshirdi.

Oldingi ittifoq "Qirg'iziston Sotsial-demokratlar" partiyasi, "Ota-Makon" va "Respublika" partiyalaridan tashkil topgan edi.

Omurbek Babanov boshliq "Respublika" partiyasi 15 kunda bu ishni uddalashi kerak, aks holda Qirg'izistonda saylovlar qayta o'tadi.

Mamlakat 10 oktabrda parlamentni saylagan, besh partiya g'alaba qozongan va shu tariqa Markaziy Osiyoda ilk bor parlament boshqaruviga asoslangan tizimga asos solingan edi. Ya'ni bu yurtda prezident vakolatlari bosh vazirga o'tadi.

Qo'shma Shtatlar bu islohotni qo'llab-quvvatlasa, Kreml reformaga shubha bilan qarab keladi.

Biroq yozgi qirg'iz-o'zbek to'qnashuvi, qirg'indan hali o'pkasi bosilmagan davlatda saylov natijasida hech bir partiya mutlaq g'alaba qozona olmagan va koalitsiya tuzish zarurati yuzaga kelgan.

30 noyabrda besh partiyadan uchtasi ittifoq yaratishga, 20 yillik avtoritar boshqaruvni tugatishga, beqarorlikka yakun yasashga rozi bo'ldi.

Ammo bu kelishuvdan ikki kun o'tib, yangi koalitsiya spikerni saylash borasida bir to'xtamga kela olmasdan tarqalib ketgan. Parlament islohoti mualliflaridan biri Omurbek Tekebayevga bu lavozimga saylanish uchun uch ovoz yetmagan.

Qirg'iziston konstitutsiyasiga ko'ra, partiyalar koalitsiya tuzish uchun uch imkoniyatga ega. Bu ham ish bermasa, saylovlar qaytadan o'tkaziladi.

"Amerika Ovozi" tahlilchilar va partiya a'zolari bilan suhbatda bo'ldi.