Qirg’izistonda Rossiya axborot vositalarining mavqei baland

Markaziy Osiyodagi eng erkin mamlakat deya hisoblanuvchi Qirg'izistonda Rossiya ommaviy axborot vositalarining ta'siri kuchli ekani e'tirof etiladi. Yaqinda "Sputnik" agentligining idorasi ish boshladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg’izistonda Rossiya matbuotining mavqei baland/Muhiddin Zarif

“Amerika Ovozi” Bishkekdagi "Ozodlik Ovozi" jamoatchilik uyushmasining rahbari Abdumo'min Mamaraimov bilan shu haqda suhbatlashdi.

Qirg’izistonda Rossiya ommaviy axborot vositalarining ulkan mavqei mahalliy omma fikrini shakllantirishda katta rol o’ynaydi. Tahlilchilar buni umumo’tmish, an’anaviy madaniy rishtalar hamda rus matbuoti xodimlarining kasbiy mahorati bilan bog’laydi.

“Qirg’iziston va Rossiya o’rtasida uzviy bog’liqlik mavjud. Umumiy tariximiz bor, madaniyatlarimiz, ma’naviy-ruhiy dunyomiz yaqin. Yagona davlat tarkibida yashab, ko’p yillar mobaynida xalqimiz, ayniqsa, katta avlod va rahbarlar, har narsada Moskva so’zi, fikriga quloq tutishga o’rganib qoldan. Sovet Ittifoqi qulagandan keyin ham odamlar ma’lumotni ko’proq Rossiya axborot vositalaridan olish odatidan voz kechmagan. Hozirda yuz minglab vatandoshlarimiz - mehnat muhojirlari - o’sha tomonlarda yashab, ishlayotgan ekan, rus diyorida nimalar bo’layotgani ko’pchilikni qiziqtiradi”, - deydi Abdumo’min Mamaraimov.

Uning aytishicha, ayrim qo’shni mamlakatlar, aytaylik O’zbekiston va Turkmanistonda Rossiya axborot vositalari ta’sirini cheklash harakatlari bo’lgan, ammo texnika taraqqiyoti davrida ma’lumot yo’lini to’sish samara bermaydi.

Aytish joizki, mustaqillik yillari Qirg’iziston qishloq va shaharchalari do’konlarida rus ro’znomalari deyarli ko’rinmay qolgan. Rossiya nashrlari asosan Bishkek hamda viloyat markazlari peshtaxtalarida o’rin olgan holda, rus telekanallari butun mamlakatni qamraydi. “Odnoklassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlar ham Qirg’izistonda ko’plab muxlislarga ega.

Rus matbuot olami Qirg’iziston ahliga nima beradi? Uning qay jihatlari maqbul?

“Qay darajada bo’lsa-da, aynan rus matbuoti orgali dunyo voqealaridan boxabarmiz. Bu o’rinda til masalasi ham bor. Axir avvaldan rus tilida so’zlashganmiz, mutolaa qilib kelganmiz. Ingliz, nemis, fransuz tillari kabi xorij tillarini aholining bosimli qismi bilmaydi”, - deydi Abdumo’min Mamaraimov.

Suhbatdosh boshqa davlat matbuotiga bog’lanib qolishning salbiy tomonlari, deylik bir taraflama axborot olish, mafkuraviy, ma’naviy tobelikka tushib qolish ehtimolini inkor etmaydi. Ayni paytda, uning fikricha, rus matbuoti ta’sirini jiddiy xavf sifatida qabul qilish to’g’ri emas.

“Aqlimizni o’g’irlashadi, manqurt qilib qo’yishadi”, degan gap-so’zlarga u qo’shilmaydi.

“Muhimi - biz o’z matbuot kengligimizni o’zimizga zarur bo’lgan, qadriyatlarimizga mos ma’lumotlar bilan to’ldirib borishga harakat qilishimiz kerak. Bu o’rinda muammolar mavjud. Malakali kadrlar, moddiy-texnik baza masalasi to’la yechilmagan. O’z g’oyalarimiz bo’lishi darkor, o’zligimiz, ruhiyatimizni rivojlantirib, yangi ufqlarga olib chiqadigan g’oyalar. Bu rahbariyat va ziyolilarimiz oldida turgan eng muhim vazifa, deb o’ylayman”, - deydi tahlilchi.

Abdumo’min Mamaraimov deydiki, birinchi navbatda Qirg’iziston iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal qilishga harakat qilishi lozim:

“Rossiya iqtisodiy o’sish, tinchlik, farovon hayot va’da qilayapti. Bu va’dalar amalga oshadimi-yo’qmi, bu boshqa masala. Ammo odamlar shu narsalarni istaydi”.

Mustaqillik yillarida Qirg’iziston matbuoti tez sur’atlar bilan rivojlanayotir. Yuzlab yangi, turli yo’nalishdagi axborot vositalari paydo bo’ldi. Ayni paytda mahalliy aholining rus matbuotiga o’zgacha ishonchi va qiziqishi saqlanib qolayotir.

”Buning sabablaridan biri - kasbiy mahorat, rus matbuoti mahsulotining yuqori sifati, muxlislarni qiziqtira bilish”, - deb hisoblaydi Mamaraimov.

Qay darajada bo’lsa-da, aynan rus matbuoti orgali dunyo voqealaridan boxabarmiz. Bu o’rinda til masalasi ham bor.

Yana bir tarafini ham aytib o’tish joiz. Suhbatdosh kuzatuvlariga ko’ra, keyingi yillarda tirikchilik bilan ovora qirg’izistonliklarni demokratiya prinsiplari, inson huquqlari kabi qadriyatlar kamroq qiziqtira boshlagan. Fuqaroviy jamiyat vakillari, inson huquqlari himoyachilari, nodavlat tashkilotlar hamda erkin jurnalistlarga nisbatan munosabat oldingiday yaxshi emas. Bu ko’rinishlarda tahlilchi Rossiyada kechayotgan va rus matbuoti faol qatnashayotgan jarayonlarning aka-sadosini payqaydi.

“Inson huquqlari himoyachilari, nodavlat tashkilotlar vakillarini oddiy odamlar josus sifatida qabul qiladigan bo’lib qoldi. Shamol qayoqdan esayapti? Ikki yil muqaddam Rossiyada qabul qilingan xorij agentlari haqida qonun kabi hujjat hozir bizning parlamentda ham muhokama qilinyapti”, - deydi Mamaraimov.

Mahalliy mutaxassislar fikricha, Rossiya matbuot olami yana ko’p yillar Qirg’izistonda o’z mavqeini saqlab qolishi mumkin.