Yoz - Markaziy Osiyo bolalari uchun pul topish mavsumi

Yoz - Markaziy Osiyo bolalari uchun pul ishlash payti

Tadqiqotlarga ko’ra, Qirg’izistonda har uch o’spirinning biri mehnat qiladi. Ayniqsa ta’til payti – yoz kelgach bolalar pul topish ilinjida.

Avtoulov yuvayotgan, poyafzal tozalayotgan, arava tortayotgan o’spirinlarni ko’plab uchratish mumkin. Qishloqda bolalar dalaga chiqadi, mol-qo’y haydaydi, kimdir g'isht quyadi, kimdir tosh tashiydi. Choyxona, nonvoyxonalarda yugurdaklikni ham bolalar qiladi.

Bir necha yil muqaddam mamlakatda bolalar mehnatining eng yomon turlariga chek qo’yish bo’yicha davlat dasturi (2008-2011) yakunlangan.

Ammo tahlilchilar nazarida aytarli o’zgarishlar bo'lmadi. Mahalliy aholi esa masalaning yana bir tomonini esdan chiqarmaslik lozimligini aytadi.

Odamlar farzandlarini yoshligidan mehnatga, hunarga o’rgatishga odatlangan. Ko’pchilik bolalarini temirchiga, duradgorga, oshpazga, qo’yingki hunarmandga shogirdlikka beradi.

Ko’cha changitgandan ko’ra, hunar o’rgansin, deydi ota-onalar.

Qolaversa, bolalarning oila byudjetiga hissasi ham ahamiyatga ega. Bolalarni og’ir mehnatdan halos qilish darkor, ammo yoshlikdan mehnatni o’rganish, unda toblanish hech kimga zarar qilmagan, deydi aksar suhbatdoshlar.