Qirgʻizistonning Oʻsh davlat universitetida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirish uchun navbat kutib, tegishli hujjatlarni tayyorlashmoqda.
Navbat kutganlarning soni qariyb 1000 nafar. Universitet rasmiylari navbat kutayotgan talabalarni tartibga keltirish uchun militsiyadan yordam soʻragan.
Oʻzbekistonlik talabalar universitet xodimlari sekin ishlayotganidan va hujjatlarni olish uchun uzoq vaqt sarflashayotganidan norozi.
“Biz uchun qiyin boʻlayotgan narsa bu, juda katta navbat boʻlyapti. Masʼul shaxslar sekin ishlayapti”, - deudi Ahmadjon ismli oʻzbekistonlik talaba.
Oʻzbekiston tomon oʻqishini koʻchirishni istagan Qirgʻizistondagi fuqarolariga 15-mart, baʼzi maʼlumotlarga koʻra 20-martgacha muhlat bergan. Shuning uchun talabalar kechasi soat 3 da kelib, navbatga turishmoqda.
“Qiyinchilik Oʻzbekistonda yoʻq. Faqat shu yerdan hujjatlarni tayyorlashda qiyinchilik boʻlyapti. Nimaga desangiz, ish oʻrni kam. Bitta yoki ikkita kompyuter ishlayapti xolos. Masalan, kecha faqat “obxodnoy” (hisob-kitob varaqasi) oldim, boshqa narsa qilolmadim. Uni olish uchun kechgacha vaqtim ketdi. Ertalab soat, ishonasizmi, uch-ikkilarda kelyapmiz”, - deydi o’zini Joʻrabek deb tanishtirgan oʻzbekistonlik talaba.
Oʻsh davlat universitetining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori universitetda oʻqiyotgan 3,5 ming oʻzbekistonlikning bari birdaniga kelgani bois mutaxassislar ulgura olmayotganini aytadi.
“Agarda talaba oz boʻlganda edi, ertalab boshlansa bu tushga qadar tugaydigan ish. 3,5 ming talaba bir vaqtda kelgani uchun shunday boʻlyapti. Biz ish vaqtini ham uzaytirdik. Akademik maʼlumotnoma bu jiddiy hujjat. U bir yerdangina berilishi kerak. Uni biz har fakultetdan bera olmaymiz. Akademik maʼlumotnomaning ahamiyati diplomga teng”, - deydi prorektor Zamir Bojonov.
Bu kabi koʻrinishni Oʻsh shahridagi barcha oʻquv dargohlarida koʻrish mumkin. Talabalarning aytishicha, oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirib ulgurgan talabalar ham bor. Lekin qolganlar 15-martgacha ulgurishi kerak.
Joriy yilning 7-fevralida Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻistondagi oʻzbekistonlik talabalarning barchasi hech qanday imtihonlarsiz oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirishi mumkinligini bildirgan.
Shu vaqtga qadar Oʻzbekistondan kelgan 15 mingdan ortiq talaba Qirgʻiziston universitetlarida bilim olayotgan edi.