"Wikileaks" internet tizimi fosh etgan maxfiy xatlarda AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Fors ko'rfazi mamlakatlarini "Islomiy davlat" ni quvvatlayotganlikda gumon qiladi, xususan Saudiya Arabistoni va Qatarni.
Bu xatlar Klintonning shaxsiy yozishmalari bo'lib, uning prezidentlik saylov kampaniyasi raisi Jon Podestaning elektron pochtasidan o'g'irlangan.
2014-yilning 17-avgustida bitilgan uzun maktub "hrod17@clintonemail.com" degan adresdan va unda G'arb razvedkalari va ishonchli manbalarya tayangan holda Yaqin Sharq davlatlarining terrorizmga munosabati haqida gap ketadi.
"Biz diplomatik va boshqa an'anaviy razvedka usullari orqali Qatar va Saudiya Arabistoniga nisbatan bosimni oshirishimiz kerak. Ular "Islomiy davlat" va boshqa sunniy jangari guruhlarga moliyaviy va tashkiliy jihatdan yashirin tarzda madad ko'rsatmoqda", - deyiladi maktubda.
Klintonning saylov kampaniyasi bu ma'lumotlar yuzasidan lom-mim demayapti.
Fors ko'rfazidagi boy, sunniy mazhabidagi mamlakatlar azaldan terrorizm va ekstremizm homiysi deya gumon qilinsa-da, Obama ma'muriyati ularga qarshi biror jiddiy va aniq ayblovlar bilan chiqmagan.
Terrorizmga qarshi kurashni o'rganib kelayotgan mutaxassislarga ko'ra, yuqorida nomi tilga olingan davlatlarga nisbatan konkret isbot-dalil yo'q.
AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Robert Ford bu tuzumlar bilan aloqa qilgan va ularning siyosatiga doir razvedka ma'lumotlari bilan tanish. U ham Klintonning maktublarida tilga olingan "madad" haqida biror muayyan informatsiya ko'rmaganini aytadi.
"Lekin Saudiya Arabistoni fuqarolari, boy shaxslar va ishbilarmonlar, xayriya tashkilotlari bu guruhlarga yordam ko'rsatgani xususida ma'lumot talay", - deya qo'shadi Ford.
Keksa diplomat "fosh etilgan maxfiy maktublar" haqiqat ekaniga ishonmaydi.
Vashington uchun Saudiya Arabistoni va Qatar kuchli sheriklar va AQSh bu hukumatlarni fuqarolarning ishiga qarab baholamaslikka harakat qilib keladi.
"O'tgan 10 yil mobaynida Saudiya Arabistoni terroristlarni moliyalovchi tizimlarni yo'q qilishda jonbozlik ko'rsatdi, buni isbotlovchi hollar ko'p",- deydi Daniel Gleyser, AQSh Moliya vazirining aynan bu masalalar bo'yicha muovini.
Saudiya Arabistoni elchixonasi esa bu masala yuzasidan bayonot berishni ma'qul ko'rmaydi. O'g'irlangan ma'lumotlar tan olinmaydi.
Kongressda bu davlatlar bilan aloqalarni nazorat qiluvchi bo'limlarning ayrim yuqori lavozimli xodimlari esa "Wikileaks" chiqargan xatlarda Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatni qayta ko'rib chiqish kerak degan bandlarni asosli deb biladi. Bu mavzu ko'p ko'tariladi, deydi ular.
Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan ekspert Daniel Server deydiki, biror yetakchi arbobning rishtalarni elakdan o'tkazish kerak deb aytishi tabiiy, chunki strategiya murakkab va uzoq yillar davomida ko'plab xatolarga yo'l qo'yilgan.
Davlat departamenti esa Saudiya Arabistoni ham, Qatar ham qonli ektremizmga qarshi kurashdagi ishonchli hamkorlar deya bong urmoqda.
2014-yilning oktabrida Vitse-prezident Jo Bayden Garvard universitetining Kennedi davlat boshqaruvi maktabida qilgan nutqida Fors ko'rfazi davlatlarini Amerikani aldab kelayotganlikda ayblagan edi. Biroq keyin bu so'zlarini qaytib olgan.
"Saudilar, Amirliklar va boshqalar", - degan edi Bayden, "nima bilan band? Ular Suriya rahbari Bashar al-Assadni hokimiyatdan olib, sunni-shia urushini olib bormoqchi edi... Nima qilishyapti? Assadga qarshi urushmoqchi bo'lganlarga yuzlab million dollar, minglab qurol beramiz, deyishdi. Biroq ular al-Nusra va Al-Qoida bilan aloqador ekstremist guruhlarni moylashdi."
Bayden o'shanda arab tuzumlari "Islomiy davlat" ga ko'mak uzatgan deb chiqqan edi.
Rishtalar kundan-kunga murakkab. Saudiya Arabistoni ikki yildan beri Yamanda shia jangarilarga qarshi havo hujumlari olib bormoqda. AQSh xulosa qilishicha, qirollik fuqarolarni nishonga olmoqda va shu bois bu davlatga yordami qayta ko'rib chiqiladi.
Yaqinda AQSh Kongressida Saudiya Arabistonini 2001-yilning 11-sentabridagi terror xurujlari ortida turgan tuzum deya qoralovchi hujjat qabul qilindi. Unga binoan amerikaliklar qirollikni sudga berishi mumkin. Oq uy unga veto qo'ygan.