Breaking News

Kerri Londonda hamkor davlatlar bilan Suriya mojarosini muhokama qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Londonda qit'adagi ittifoqchi davlatlar bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilmoqda. Bundan bir kun oldin Shveytsariyada bo'lib o'tgan xalqaro muzokaralar natija bermadi. Muloqotda AQSh, Rossiya, Eron, Turkiya, Iroq, Saudiya Arabistoni diplomatlari qatnashgan.

Kerri ham, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham uchrashuv davomida qiziqarli takliflar bo'lganini ta'kidlashdi, ammo batafsilroq ma'lumot berishmadi.

So'nggi bor bu ikki davlat vositachiligida erishilgan sulh uzoqqa bormadi. AQSh va Rossiya bir-birini shartnomani buzganlikda aybladi.

G'arbga yaqin kuzatuvchilarning bildirishicha, Rossiya va Suriya armiyasi havo va artilleriya hujumlari natijasida sentabr oyidan beri Halabda yuzlab odam o'lgan, 250 mingdan ziyod odam qamalda qolgan.

Rossiya amaliyotlar jangarilarga qarshi qaratilganini, tinch aholiga zarar yetmayotganini ta'kidlamoqda. Kreml Vashingtonni isyonchilarni terrorchilardan ajratishdan bosh tortayotganlikda ayblamoqda.

16-oktabr kuni Suriya Ozod armiyasi isyonchilari Turkiya havo hujumlari yordamida Suriya shimolida "Islomiy davlat" uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan Dabiq shahrini jangarilardan tortib oldi.

Shahar Turkiya chegarasidan 10 kilometr narida joylashgan bo'lib, diniy tashviqot nuqtai nazaridan "Islomiy davlat" uchun muhimdir. Jangarilar aynan shu shaharda salibchilarga hal qiluvchi zarba berilishini aytib keladi.

Turkiya 24-avgust kuni Suriyaga qo'shin kiritgan. Prezident Rajab Toyib Erdog'an chegara atrofidagi 5000 kvadrat kilometrlik zonani terrorchilardan tozalaymiz, degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG