Liviya qurolli kuchlari, Qaddafiy tarafdorlari sharqqa hujum qildi

  • Amerika Ovozi

Kechagi olishuv 12 odamni hayotdan olib ketgan edi

Bugun Liviyada Muammar Qaddafiyga xayrixoh kuchlar sharqdagi port shahar, neftga boy Bregani havodan nishonga olgan.

Bir necha odam o'lgani xabar qilinmoqda. Neft konlari kimning qo'lida ekani hozircha noma'lum. Muxolifat "biz yutdik" deydi.

Kecha ham hudud o’qqa tutilgan, biroq sharqda hukmron muxolifat hujumni qaytargan edi.

Brega aholisi so’zlariga ko’ra, kamida 50 harbiy avtomobil shaharga bostirib kirib, tezda neft obyektlari, aeroport va bandargohlarni egallab olgan.

Bundan xabar topgan qo’shni Ajdabiya va Bing’ozi ahli qurolni ko’tarib, Brega shahriga yetib borgan.

Liviya qurolli kuchlari, Qaddafiy tarafdorlari sharqqa hujum qildi

Tushlikka qadar muxolifat Qaddafiy odamlarini haydab chiqargan.

Shifokorlarning aytishicha, to’qnashuv 12 odamni hayotdan olib ketgan. Hukumat harbiy havo kuchlarini qo’llagani ma’lum.

Bing’ozi shahrida ishga tushgan muvaqqat hukmron kengash xorij davlatlarini yordamga chorlagan.

Qaddafiy va uning safdoshlari, yollanma ajnabiy jangchilarni havodan turib urish kerak, deydi kengash a’zolari.

Muvaqqat hukumatni sobiq adliya vaziri, namoyishlar boshidayoq ishdan bo’shagan Mustafo Abdul Jalil boshqarmoqda.

Muxolifat fikricha, xalqaro hamjamiyat Qaddafiyni emas, unga qarshi bosh ko’targan xalq va diplomatlarni tan olishi, ular bilan muomala qilishi kerak.

Liviya qurolli kuchlari, Qaddafiy tarafdorlari sharqqa hujum qildi

Liviya rahbari kecha davlat televideniyesida naq uch soat g’azab bilan so’zlab, chet davlatlarini ogohlantirgan.

“Mamlakat ishiga aralashsangiz, minglab fuqaroning hayotiga zomin bo’lasiz”, - deydi u.

Isyon boshlagan xalqni “terrorchilar” deya ta’riflar ekan, “Qaddafiy so’nggi nafasgacha kurashishga tayyorman”, degan.

Namoyishchilar rahbarning iste’fosini talab qilib keladi. Sharqiy shaharlarda odamlar Qaddafiyning qarashlari bitilgan va konstitutsiya rolini o’tagan “Yashil kitob”ni yoqqan.