Liviya havo kuchlari Ajdabiya shahridagi harbiy bazalarni bombardimon qilmoqda. Muxolifat bu shahar ustidan nazoratni boy bermagan.
Bugun juma namozidan so’ng poytaxt Tripolida yuzlab odam “Qaddafiy Ollohning dushmani” degan hayqiriqlar bilan namoyishga chiqdi. Politsiya olomonni ko’zni yoshlantiruvchi gaz va to’qmoqlar bilan tarqatdi.
Shahar ahlining aytishicha, maxfiy xizmatlar xonadonlarni tintuv qilish, namoyishlarda qatnashganlarni qidirish bilan band.
Liviya armiyasi kecha neft zavodlari joylashgan Brega shahrini, jumladan aeroportni havodan nishonga olgan. Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar Ras Lanuf va Zaviya shaharlarida muxolifat bilan olishmoqda.
Amerika Kongressining nufuzli a’zolari fikricha, Liviya uzra harbiy parvozlarni taqiqlash kerak.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ikki hafta bo’lib qaytgan senatorlar Jon Makkeyn va Jo Liberman deydiki, diktatura va repressiyaga qarshi bosh ko’targan xalqni qo’llab-quvvatlash AQShning burchi.
“Amerikaning bu boradagi pozitsiyasi aniq va ravshan - Qaddafiy ketishi kerak. Maqsad shu ekan, unga erishish uchun Liviya xalqiga yordamni ayamaylik”, - deydi senator Jon Makkeyn.
Buning bir yo’li – NATO yordamida Liviya osmonini nazoratga olishdan iborat. Biroq mamlakatga qo’shin kiritish haqida gap ketmayapti.
Senator Jo Liberman nazarida ham arab dunyosidagi mo’tadil guruhlarga yordam qo’lini cho’zish payti hozir. AQSh, deydi u, yetakchilikni qo’lga olishi zarur.
Liviya rahbariyatiga qarshi harbiy chora ko’rish borasida xorijiy davlatlar, jumladan BMT a’zolari orasida yakdillik yo’q. Bir to’xtamga kelingan taqdirda ham, AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bu murakkab operatsiya bo’lishini e’tirof etadi.
Liviya qonga botar ekan, Muammar Qaddafiy insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda. Xalqaro Jinoiy Sud bu borada tergov boshlagan.
Bu orada, Venesuela rahbari Ugo Chavez Liviyadagi mojaroni hal qilish borasida takliflar bilan chiqmoqda. Arab Ligasi rejaga qiziqish bildirgan.
BMT Qochqinlar agentligiga ko’ra, zo’ravonlikdan qo’shni Tunisga qochayotgan odamlar oqimi so’nggi ikki kunda keskin kamaygan. Liviya chegara nazoratini kuchaytirgani bunga sabab.
Xalqaro Migratsiya Tashkiloti hozir Bing’ozi shahridan xorijiy fuqarolarni evakuatsiya qilish bilan band.