Breaking News

BMT Liviya rasmiylariga sanksiya qo’ydi, yana bir shahar muxolifat nazoratida


BMT Liviya rasmiylariga sanksiya qo’ydi, yana bir shahar muxolifat nazoratida
BMT Liviya rasmiylariga sanksiya qo’ydi, yana bir shahar muxolifat nazoratida

Liviya g’arbidagi yana bir shahar muxolifat qo’liga o’tdi. Poytaxt Tripolidan 50 kilometr narida joylashgan Zaviya shahrida qurollangan namoyishchilar barrikadalar o’rnatib, jangga tayyorgarlik ko’rmoqda.

Hukumat nazoratida qolayotgan Tripolida, guvohlarning aytishicha, vaziyat nisbatan tinch. Qurollangan to’dalar izg’ib yurganini ko’rish mumkin.

Talofat ko’lamini yashirish uchun Qaddafiy rejimi o’likxonalarni bo’shatayotgani va kasalxonalarni qattiq nazorat qilayotgani aytiladi.

Tripoli markaziga olib boradigan yo’llar to’sib qo’yilgan. Hukumat o’z tarafdorlariga qurol tarqatmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi Liviya rahbariyatiga qarshi keng qamrovli sanksiyalar qo’ydi.

Muammar Qaddafiy va uning oila a’zolariga tegishli bank hisob raqamlarini muzlatish, 16 rasmiyning xorijga chiqishini taqiqlash va qurol embargosi joriy etish to’g’risidagi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilingan.

Hujjat Liviya rahbarini insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan Xalqaro Jinoiy Sudga topshirishni ham nazarda tutadi.

AQSh rahbari Barak Obama fikricha, Muammar Qaddafiy zudlik bilan iste’fo berishi va mamlakatni tark etishi kerak. Vashington Qaddafiy rejimiga qarshi alohida sanksiyalar qo’ygan.

Bu orada, namoyishlar beshigi hisoblangan Bing’ozi shahrida muvaqqat hukumat tuzilgani haqida e’lon qilindi.

Liviya sobiq Adliya vaziri Mustafo Abdul Jalil unga bosh etib tayinlangan. Harbiy va noharbiy arboblarni o’z ichiga olgan muvaqqat organ mamlakatni 3 oygacha boshqarishi, erkin va adolatli saylovlarga yo’l ochishi ta’kidlanadi.

BMT Qochqinlar agentligi hisobiga qaraganda, so’nggi bir hafta ichida 100 ming odam Liviyadan Misr va Tunisga qochgan.

XS
SM
MD
LG