Xalqaro hamjamiyat Liviyada "Islomiy davlat" guruhi kuchayayotganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Tunis va Liviya chegarasida 55 odamning hayotiga zomin bo'lgan to'qnashuv ortidan ikki mamlakat o'rtasidagi o'tish punkti yopilgan. Xalqaro hamjamiyat esa Liviyadagi muxolif ikki hukumatni birlashishga chaqirmoqda. Ammo tahlilchilar bu yerdagi eng muhim vazifa "Islomiy davlat" jangari guruhi ta'sirining kengayishiga yo'l qo'ymaslik ekanini aytmoqda.

Tunis Prezidenti Beji Qoid As-Sabsining aytishicha, jangarilar chegaradagi Ben-Kardan shahriga hujum qilish orqali mintaqada nazoratni qo'lga kiritishga uringan.

Hujumda 50 jangari qatnashgan. Xavfsizlik kuchlari 7-mart kuni shaharni to'liq o'z nazoratiga olgan. Hozircha xuruj uchun mas'uliyatni hech kim zimmasiga olgani yo'q. Ammo uning ortida "Islomiy davlat" to'dasi turgani taxmin qilinmoqda.

Bayrutdagi Amerika strategik tadqiqotlar markazi rahbari Kamol Vaznening aytishicha, xalqaro hamjamiyatning Liviyada "Islomiy davlat"ni yo'q qila olmayotgani guruhning qo'shni hududlarga ham suqilib kirishiga sabab bo'lmoqda.

"Yevropa va mintaqaga jiddiy xavf solib turgan bu tahdidni bir yoqli qilishning ayni payti hozir", - deydi tahlilchi.

Liviyadagi jangari guruhga qarshi xalqaro harbiy amaliyot rejalanayotgani haqida xabarlar bor, ammo mamlakatda ikki muxolif hukumat bir-biri bilan olishayotgan bir paytda buning amalga oshishi juda mushkul.

Besh yil avval Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag'darilgandan beri Liviyada boshqaruv izdan chiqqan. Ikki muxolif hukumatdan tashqari, mustaqil harakat qilayotgan jangari guruhlar ham ko'p.

Xalqaro kuzatuvchilarning aytishicha, "Islomiy davlat"ni yengish uchun, avvalo, Liviya birlashgan yagona hukumatga ega bo'lishi kerak. Ammo shu paytgacha bu borada amalga oshirilgan muzokaralar hech qanday natija bermadi.

Vazne so'zlariga ko'ra, siyosiy guruhlarni birlashtirish uzoq vaqt oladigan jarayon va bu jangarilarga qarshi kurashni qiyinlashtiradi.

"Bu siyosiy guruhlarga bosim o'tkazishdan shu paytgacha biror ijobiy natija bo'lmadi. Shunday ekan, terrorchi tashkilotlarni kamida zaiflashtirishning yo'lini topish kerak", - deydi u.

Liviyada "Islomiy davlat" qo'lida saqlangan ikki nafar italiyalik ishchi o'tgan hafta qochishga muvaffaq bo'lgan. Ammo ular ortida qolgan boshqa ikki nafar mahbus jangarilar tomonidan o'ldirilgani aytilmoqda.

AQShning Italiyadagi elchisi so'zlariga ko'ra, agar Liviyaning ikki hukumati birlashsa, Rim "Islomiy davlat"ga qarshi kurash uchun 5000 askar ajratishga rozi. Lekin Italiya Bosh vaziri Matteo Renzi hozircha bunday chora rejada yo'q ekanini aytgan.