Ferguson oq tanli politsiya qo’lida halok bo’lgan qora tanli yigit o’limining bir yilligini xotirlar ekan, Los-Anjeles shahri ham 50 yil muqaddam afro-amerikaliklar va politsiya o’rtasida yuz bergan to’qnashuvlarni esga olmoqda. 1965-yilgi namoyishlar hali mahalliy aholi yodidan ko’tarilmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Masay Minters 50 yil oldin to’polonlar yuz berganda 15 yoshda edi.
“Shu yerdagi park va 103-ko’cha to’polonlar markazi bo’lgan. Vertolyotlar ovozini eshitib, yong’in va tutunlarni, odamlarni va shovqin-suronlarni ko’rish mumkin edi. Shiddatli va dahshatli bo’lgan”, - deya eslaydi u.
1965-yil 11-avgustda Uots tumanida politsiya va yo’lda to’xtatilgan qora tanli fuqaro o’rtasidagi kelishmovchilik butun shaharda to’polonlarning kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Politsiyaning qora tanli shaxs va uning onasiga qo’pol munosabat qilishi Los-Anjelesni larzaga solgan olti kunlik zo’ravon namoyishlarga sabab bo’ldi. Yuzlab binoga zarar yetgan, 34 kishi o’lib, yana minglab odam jarohatlangan.
Mahalliy kollej binosida qurilgan muzeyda o’sha paytdagi zo’ravonlik aks etgan.
“Bu Markuet Fray va Ronald Frayning surati. Politsiya to’xtatgan va qo’zg’olon boshlanishiga sabab bo’lgan odam shu edi”, - deydi muzey rahbari Grigori Uilyams.
1992-yil qora tanli taksi haydovchisining politsiya tomonidan kaltaklanishi aks etgan video tarqalgach, hududda yana bir isyon yuz bergan.
“Los-Anjelesda yana ko’tarilish ro’y bermaganining sababi shundaki, biz o’tmishdan ogohmiz. Politsiya ham buni biladi”, - deydi Uilyams.
Mahalliy fuqarolar zo’ravonlikdan naf yo’q ekanini yaxshi tushunadi.