Dunyo pop yulduzi Madonna Sharqiy Afrikadagi Malavi Respublikasida bolalar jarrohlik va muolaja markaziga asos soldi. Bu Malavidagi ilk shunday markaz. Blantayr shahridagi Qirolicha markaziy kasalxonasi qoshidagi bu tibbiy muassasa qurilishiga Madonna pul ajratgan.
Markazning ochilish marosimida xonanda o’g’li Rokko va Malavidan asrab olgan bolalari - o'g'li Deyvid, qizi Mersi Jeyms hamda egizaklar Stella va Ester bilan qatnashdi. Klinikaga Mersi Jeymsning nomi berilgan.
Madonna o’z nutqida bolaligida ona mehridan bebahra bo'lganini aytib, klinikaning qurilishi bolalarga shu mehrni aks ettirishini bildirdi.
“Men onasiz o’sganman. Doim ona mehriga zor bo’lib yurardim. Shu kungacha nafaqat o’z farzandlarim uchun ona nomiga loyiq bo’lishga qaratilgan harakatlarimdan faxrlanaman”, - deydi xonanda.
Madonna inson o'z orzularidan voz kechmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Hayotim mobaynida qilgan ko’p ishlarimga qarasam, uddasidan chiqaman deb o’ylamaganman. Bolalar uchun kasalxona quraman, olti farzandli bo’laman, to’rttasini Malavidan boqib olaman deb xayolimga keltirmaganman”, - deydi Madonna.
Qurilish 2015-yilda boshlanib, shahar markazida joylashgani uchun mahalliy shifokorlar tajriba orttiradigan klinika sifatida ham xizmat ko’rsatadi. Kasalxonada uchta jarrohlik xonasi, klinika, 45 ta o’ringa mo'ljallangan palata bor. Madonnaning aytishicha, markaz 2017-yilning iyun oyida ishga tushib, ilk jarrohlik amaliyoti boshlangan.
Cheriti Syuzeni ikki yashar qizchasini birinchilardan bo'lib tibbiy markazda olib bordi.
“Kelganimizda shifokorlar bolamning ichaklarida muammo borligini va operatsiya qilish kerakligini aytrishdi. Hozir qizalog'imning ahvoli yaxshilandi, xursandman”, - deydi bolaning onasi.
Malavi Respublikasi Prezidenti Pyotr Mutarika 58 yoshli xonandaga minnatdorchilik bildirdi.
“Madonna afrikalik bolalarga ona mehrini ulashdi bugun. Uning tashabbusi bilan qurilgan markaz orqali bolalar muolaja oladigan bo'ldi. Madonna, siz bizdagi to’rt bolani farzandlikka qabul qilgan ekansiz, endi biz sizni shu zamin qizi bo’lishingizni istaymiz” - dedi Malavi rahbari.
Madonna bu jarayonni ijtimoiy tarmoqlarda “oilaviy munosabatlar”ning boshlanishi deb nomlayapti.