Dunyo bo’ylab, ayniqsa kambag’al mamlakatlarda, tamaki chekuvchilar soni oshib bormoqda. Biroq bu illatga qarshi kurashayotgan xalqaro tashkilot kashandalar va tamakidan o’layotganlar sonini keskin kamaytirish mumkin, deydi.
Dunyo bo’ylab voyaga yetgan odamlarning 740 millioni tamaki chekadi. 1980-yildan buyon chekuvchi erkaklar 41 foizga, ayollar esa 7 foizga ko’paygan.
2005-yilda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Tamaki nazorati bo’yicha yangi xalqaro bitim qabul qilgan edi. Unda mamlakatlar tamaki iste’molini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga da’vat etiladi.
Bitimni 180 davlat imzolagan. Tamaki chekishga qarshi kuchli qonunlar qabul qilingan o’lkalarda chekish kamaygan, deydi Chekish va salomatlik nodavlat tashkiloti rahbari Loran Xuber.
Sigareta mahsulotlariga katta soliq solgan va bu bilan kashandalar sonini kamaytirgan Fransiya alohida maqtovga sazovor, deydi suhbatdosh.
Tamaki mahsulotlariga soliq solinishi oqibatida tamaki iste’moli ikki baravar kamaydi. Ammo 2014- va 2015-yillar o’rtasida inflyatsiya ko’tarilishi ketidan soliqlarning ko’tarilmagani bois chekish yetti foizga oshdi.
“Ba’zilar bizdan tamaki mahsulotlarini man qilasizmi, deb so’raydi. Yo’q, gap taqiqlashda emas. Tamakining aholi salomatligiga zararini pasaytirish va kashandalar sonini kamaytirish uchun mahsulot, sanoatni tartibga solish kerak,” - deydi Xuber.
Tamaki iste’molidan yiliga 6 million odam o’ladi. 21-asr oxirigacha chekish oqibatida bir milliard odam nobud bo’lishi kutilmoqda.
Xalqaro bitim 2025-yilga borib chekuvchilar sonini 2010-yil darajasidan 30 foizga kamaytirishni maqsad qiladi.
Baland soliqlar barobarida jamoat joylarida chekishni man qilish va sigareta qutilarida uning zarari haqida ogohlantiruvchi rasmlar tushirish ham samara bermoqda.
Ko’plab rivojlanayotgan mamlakatlarda tamaki mahsulotlari iste’moli oshgan, ayniqsa voyaga yetmaganlar orasida. Filippin, Hindiston, Janubiy Afrika kabi mamlakatlarda 10 yoshli bolaning sigareta chekishi odatiy hol. Tamaki kompaniyalari ham aynan yoshlarni nishonga olmoqda.
Maktablarga yaqin joylarda sigareta reklamasini ko’rish mumkin. Yaqinda internetda tarqagan bir videoda Indoneziyada ikki yashar bolaning chekayotgani tasvirlangan. Ma’lumotlarga ko’ra, yoshi 13 dan 15 gacha bo’lgan indoneziyalik bolalarning 41 foizi chekadi.
“O’pka saratoni yoki og’iz bo’shlig’i saratonidan o’layotgan odamni ko’rsangiz, bilingki, u yoshligidan sigareta cheka boshlagan. Bu hayotining so’nggi bobi”, - deydi Tamakidan holi bolalar kampaniyasi rahbari Mett Mayers.
Uning tashkiloti kashandalar sonini kamaytirishga bel bog’lagan.
“Agar bu jarayonni to’xtatsak, odamlarni chekishni boshlamaslikka unday olsak, o’shanda g’alabaga erishamiz”, - deydi u.
O’pka saratoni va yurak xastaligi dunyo ahli salomatligi uchun eng jiddiy tahdidlardan sanaladi. Bu kasalliklar chekish tufayli yuzaga kelishi aniq.
Rivojlanayotgan mamlakatlardan asta-sekin siqib chiqarilayotgan va shu bois daromadini yo’qotishdan qo’rqqan xalqaro tamaki kompaniyalari bu davlatlarda reklamani kuchaytirmoqda va qonunlardagi teshiklardan foydalanmoqda.
Reklamani maktablar va yoshlar yig’iladigan boshqa joylarda o’rnatmaslik, sigareta qutilari ustiga chekish zarari haqida ogohlantiruvchi yozuv va suratlar tushirish hamda tamaki mahsulotlariga soliqlarni oshirish bu illatga qarshi kurashdagi samarali choralardir.