Qurol zo'ravonligiga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Vashington ko'chalarida, 24-mart, 2018-yil

24-mart kuni AQShning ko'plab shaharlarida, xususan, poytaxt Vashingtonda minglab odam yig'ilib, mamlakatda qurol zo'ravonligiga qarshi norozilik namoyishi o'tkazdi.

14-fevral kungi ommaviy otishmani boshdan o'tkazgan o'quvchilar yetakchiligida tashkil etilgan "Hayotimiz uchun marsh qilamiz" deb nomlangan ommaviy yig'inda yuz minglab namoyishchi qatnashgani taxmin qilinmoqda. Vashingtondagi asosiy yurishda yarim milliongacha odam qatnashgan bo'lishi mumkin.

AQShning har bir shtatida va dunyoning boshqa shaharlarida ham shu kuni 800 dan ortiq namoyish bo'lib o'tishi rejalangan.

Namoyishchilarning asosiy talabi shuki, bolalarning hayotini saqlash eng muhim vazifa sifatida qaralib, qurol ustidan nazorat kuchaytirilsin.

'March for Our Lives' Protests Call for Stricter Gun Laws

Namoyishchilar orasida qurol huquqi tarafdorlari ham yo'q emas. O'zini Jo deb tanishtirgan nyu-yorklik yigit bu yurishni fojiaga nisbatan bildirilgan emotsional munosabat deb ataydi.

Parklendda ishlatilgan yarim-avtomat miltiq kabi qurollarni taqiqlash qurol zo'ravonligini kamaytirmaydi, aksincha, qonunga itoatkor fuqarolarning qurol saqlash huquqini poymol etadi, deydi u.

Vashingtonda namoyishlar bo'layotgan payt Prezident Donald Tramp Floridadagi kurort uyida ekani xabar qilindi. Oq uy so'zlovchisi chiqargan bayonotga ko'ra, prezident so'z erkinligi huquqidan foydalanib namoyish qilayotgan jasoratli amerikaliklarni qadrlaydi.

Ayni paytda bayonot orqali qurollarni avtomatik otishga tayyorlaydigan qo'shimcha jihozlar sotilishini taqiqlash haqida qaror taklif qilingani ma'lum qilindi.

Halok bo'lgan o'quvchi qizning oila a'zolari, yaqinlari namoyishda

Amerikaliklar orasida, odatda, qurollarning nazorat qilinishiga qarshi kayfiyat yuqori ekani aytiladi. Ammo so'nggi yillarda tez-tez kuzatilayotgan ommaviy otishmalar jamoatchilik fikrini o'zgartirmoqda. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovda amerikaliklarning 69 foizi qurollar nazorati kuchaytirilishi kerak, degan fikr bildirgan. Bu miqdor 2016-yil 61 foiz, 2013-yil esa 55 foiz bo'lgan. Ammo qatnashchilarning deyarli yarmi siyosatchilar bu borada amaliy ishga qo'l urishiga ishonmaydi.

Milliy qurol assotsiatsiyasi bilan bog'liq lobbichi guruhlar qurol olish va sotishni cheklovchi qonun-qoidalarning joriy etilishiga keskin qarshilik ko'rsatib keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

What Is the National Rifle Association?