AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattisning Virjiniyadagi harbiy institutga tashrifi chog'ida undan ayollarning urush zonalarida xizmat qilishi haqida so'rashdi.
“Bir qarorga kelganimiz yoq”, - deydi vazir.
"Tirishqoq, ishonchli, epchil xotin-qizlar bor, lekin barmoq bilan sanoqli. Ayollarni jang maydoniga qo'yish qo’shinlarni kuchaytiradimi yoki zaiflashtiradimi, buni hali bilmaymiz”.
Jim Mattisning aytishicha, AQSh Armiyasi va Dengiz kuchlari qo’mondonlari masalani o'rganmoqda.
“Armiyaga vaziyatga xolis baho bera oladigan ofitserlar kerak. Harbiylik eshiklarini barchaga birday ochib qo'yishga xayrixohlik bor. Biroq qarorlar harbiy nuqtai nazardan asosli bo'lishi lozim”, - deydi AQSh mudofaa vaziri.
2013-yilda Obama ma’muriyati qoidalarga o’zgartirish kiritib, ayollarni frontga yuborishga qaror qilingan. Harbiy-dengiz kuchlari avvaliga bu qarorni qabul qilmagan bo’lsa-da, 2015-yilda Mudofaa vaziri Eshton Karter barcha jangovar lavozimlar xotin-qizlarga ham ochiq bo'lishini buyurgan edi.
Ayni damda urush zonalariga borish uchun ariza topshirayotgan ayollar kam. Ular kuchli jismoniy treningdan o’ta olishi, qattiq talablarga javob bera olishi kerak.
Shunga qaramasdan qiziqayotganlar soni ortayotgani kuzatiladi. Armiya ma'lumotiga ko'ra, hozir piyoda qo'shinlar safida 253 ayol va 51 ayol ofitser bor. O’ta mashaqqatli hisoblangan reynjerlik maktabini 17 ayol tugatgan.