Arizonalik senator, 2008-yilgi prezident saylovlarida Barak Obama bilan bellashgan republikachi Jon Makkeyn fikricha, Liviyada xalqaro koalitsiya sust harakat qilmoqda.
“Polkovnik Muammar Qaddafiyni ag’darish, qurolli kuchlar va muxolifat o’rtasidagi qonli bahsni tugatish uchun yetarli chora ko’rilmayapti”, - deydi u.
“Liviyada talofatlar dahshatli”, - deydi Makkeyn. “AQSh bor kuchini sarflab, havo kuchlarini to’liq ishga solsa, yuzlab odamlar hayotini saqlab qolish mumkin”, - deydi senator.
BMT Xavfsizlik Kengashi ijozatini olgach, Qo’shma Shtatlar, Britaniya va Fransiya shu yilning mart oyida havo hujumlarini boshlagan edi.
Qaddafiy armiyasi nishonga olinib, hukumatga qarshi isyon ko’targan muxolifat himoyaga olindi. Oradan ko’p o’tmay, Amerika harbiy kampaniyadagi ishtirokini keskin qisqartirdi.
Britaniya va Fransiya Qo’shma Shtatlarni safga to’liq qaytishga, faolroq harakat qilishga chaqirmoqda.
Senator Jon Makkeyn fikricha, Qaddafiy kuchdan ketib, taslim bo’lishi mumkin. “Biroq Amerika ko’proq hissa qo’shmas ekan, jang uzoq davom etishi aniq”, - deydi u.
Respublikachi arbob AQShni Liviyada muxolifat tuzgan boshqaruv organi – maxsus kengashni tan olishga chorlayapti.
Prezident Obama muxolifatga Vashingtonda idora ochishni taklif qilgan, biroq kengashni rasman tan olishga shoshmayapti.
Jon Makkeyn Afg’oniston borasida ham to’xtaldi. Amerika xalqi orasida harbiy kampaniyaga xayrixohlik susayib bormoqda. Qo’shni Pokistonda “Al-Qoida” yetakchisi Osama bin Laden yo’q qilingach, xavf kamaydi, askarlarni Afg’onistondan tezroq vatanga qaytarish kerak degan da’vatlar yangramoqda.
“Bin Laden o’z yo’liga”, - deydi Makkeyn. “Urushdan toliqish hissida gap”, - deydi u.
Prezident Obama rejasiga ko’ra, 100 ming askar shu yil iyulida Afg’onistonni tark eta boshlaydi. 2014-yilda zobitlar butunlay vatanga qaytishi kerak bo’ladi.