Liviya g’arbida Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar va muxolifat to’qnashmoqda. Sirta, Misrata kabi katta shaharlar uchun qonli janglar avjida.
Londonda muzokara qilayotgan diplomatlar esa otishmani zudlik bilan to’xtatishga chaqirmoqda.
Liviyadagi xorijiy muxbirlarning yoritishicha, Qaddafiy armiyasi odamlarni ayovsiz qirmoqda.
Hukumatga qarshi isyon ko’targan xalq chekinishga majbur bo’lgan. Binjavad shahrida quloqni teshuvchi o’q-avtomat ovozlari yangramoqda.
So’nggi to’rt-besh kunda xalqaro koalitsiya madadi bilan muxolifat yirik viloyatlarni qo’lga kiritgan edi. Lekin tanklar va og’ir artilleriya bilan qurollangan askarlar kecha ommani siquvga olgan.
Ayniqsa, Sirta uchun, 68 yoshli Qaddafiy tug’ilib o’sgan shahar uchun kurash qonli kechishi kutilmoqda. Sirtada asosan Qaddafiyning qabilasi yashaydi. Lekin rahbardan norozi qabilalar soni ham kam emas.
"Otishmani to'xtating!"
Bugun Londonda dunyoning 40 davlatidan diplomatlar yig’ilib, Liviya taqdirini muhokama qilmoqda. Otishma shu ondayoq bas qilinishi kerak, deydi ular.
Maqsad Qaddafiyning iste’fosi, so’ng yurt tinchligini oldindan rejalash. Qatnashchilar orasida arab davlatlari, Afrika Ittifoqi a’zolari ham bor.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Liviya ahliga gumanitar yordam va’da qilgan.
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron deydiki, Qaddafiy armiyasi Misrata shahrida odamlarni ayamay-netmay qirmoqda.
Anjumanga borgan AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bugun Liviya muxolifati vakili Mahmud Jibril bilan gaplashib olgan.
Obama ma’muriyati tez kunda Bing’oziga o’z diplomati Kris Stivensni safarbar qilishi, muxolif kuchlar bilan muzokara qilishi aytiladi.
Liviya uzra havo hujumlari davom etar ekan, Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron va Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi Qaddafiyning iste’fosini talab qilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov xalqaro kampaniyani tanqid qilib, “BMT ruxsat bergan doiradan chiqdik”, deydi.
Obamaning nutqi
AQSh rahbarining aytishicha, xalqaro hamjamiyat istagani uchun emas, majbur bo'lgani uchun "Liviyaning 42 yillik johil rahbari Muammar Qaddafiyga qarshi harbiy chora ko'rishga qaror qildi".
Barak Obama kecha Vashingtonda AQSh Mudofaa Universitetidan turib, xalqqa murojaat etdi.
"Qaddafiy o'z xalqini qirib tashlashga, unga qarshi bosh ko'targanlarni shafqatsiz jazolashga ahd qilib, uni bajarishga kirishgach, biz ittifoqchi davlatlar bilan bu masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga olib chiqdik. Kengash harbiy chora ko'rishni ma'qul deb topdi. Oldimizda ikki yo'l, biri Qaddafiyni to'xtatish, ikkinchisi esa qatliomqa qarab qo'l qovushtirib turish. Yana bir kun kutganimizda, Bing'ozi - muxolifat nazorati ostidagi shahar qonga botgan bo'lar edi. Biz vijdonan ish tutdik. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyaga binoan harakat qildik. Arab hamjamiyati biz tomonda ekanini bayon qildi. Asosiy maqsad - Muammar Qaddafiy qo'li ostidagi strategik inshootlarni, havo kuchlariga qarashli obyektlarni yo'q qilish",- deydi Barak Obama.
Prezident deydiki, Amerikani zo'ravonlikda ayblab, tanqid qilish o'rinsiz.
"Liviyaga nisbatan harakatlar - xalqaro missiya. 30 martdan boshlab havo hujumlari NATO izniga o'tadi. Qaddafiyga bosim berishda davom etamiz. Bu zolim tuzumni moliya, texnik vositalar va harbiy salohiyatidan ayirish kerak",- deydi Obama.
"Missiya insonlar hayotini asrab qolishni ko'zlaydi. Shuningdek, biz Liviyada erkinlik va adolat ta'minlanishi uchun uzoq muddatli yordam berishga bel bog'laganmiz".
"Amerikaliklar orasida Liviyadagi harakatlarga qarshilik kuchli ekanini bilaman", - deydi Obama.
Rahbari zolim bo'lgan har bir davlatga nisbatan shunday ish tutmaymiz-ku deb so'rayotganlar ko'p.
"Liviyada shunday murakkab vaziyatga duch keldikki, ma'muriyatim qarab tura olmadi. Amerika azaldan erkinlik tarafida bo'lgan. Xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda chora ko'rishni xato deb bilmayman", - deydi Obama.
Lekin Liviya taqdirini bu xalqning o'zi hal qiladi, jumladan, rahbarlikka kim kelishi va tuzum qanday bo'lishini.
AQSh Qaddafiy hokimiyatdan ketishi kerak deb kelmoqda, ammo Obamaning ta'kidlashicha, bu missiya faqat qatliomning oldini olishni maqsad qiladi, xolos.
"Mening asosiy vazifam -- Amerika xalqi manfaatlari va talablariga javob berish. Xavfsizligini ta'minlash. Bu ba'zida murakkab qarorlar qabul qilishni taqozo etadi. Liviyadagi ahvol balki hayotimizga bevosita ta'sir qilmayotgandir, ammo davlatimiz xalqaro maydonda yetakchilik qilib keladi va bu rolni saqlab qolish uchun zarur qadamlar qo'yayapmiz. Yakka holda emas, xalqaro hamjamiyat bilan hisoblashib harakat qilayapmiz",- deydi Obama.
Amerika, deydi prezident, hech kimga buyruq bermaydi. Maslahat qilishi, madad ko'rsatishi mumkin, xolos.
Maqsad, deydi u, xalqlar farovonligi yo'lida xizmat qilish, xalqaro rishtalarni mustahkamlash va kerak bo'lganda, tahdid ostida qolgan elatlarga yordamga berish.
AQSh qonunchilari nima deydi?
AQSh qonunchilari nazarida Obama muhim savollarga, masalan, operatsiya qancha davom etishi va necha pulga tushishi haqida lom-mim demagan.
Senator, 2008 yilda prezident saylovlarida qatnashgan Jon Makkeyn Obamaning nutqini olqishladi. Lekin, deydi u, prezident Muammar Qaddafiyning ketishi borasida, buning uchun kuch ishlatish masalasida aniq pozitsiya bildirmagan. “Bu esa diktator rahbarga juda yoqqan bo’lsa ajabmas”, - deydi senator.
Kongress Vakillari Palatasi spikeri Jon Beyner nazarida Obama Liviyadagi strategiyaga aniqlik kirita olmagan.
Ba’zi qonunchilar prezident Kongress bilan maslahatlashmay qaror qabul qilganidan norozi.
Biroq demokrat senator Garri Rid Obamaning ma’ruzasidan mamnun. Prezident Liviya ozodligi tarafdori va buni ochiq-oydin bayon qildi, deydi senator. “Muhimi – prezident Liviyaga qo’shin jo’natmaydi, buni olqishlayman”, - deydi Garri Rid.
Omma fikri
AQShda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, aholi Liviyadagi urush va Amerikaning ishtiroki borasida tarqoq. So’ralganlarning 47 foizi hujum tarafdori, 36 foizi bu qarorni xato deb biladi. 17 foizi esa befarq.
Aholi nazarida koalitsiya kuchlari Liviya masalasida aniq strategiyaga ega emas. 60 foiz fuqaro kampaniya uzoq davom etadi degan fikrda.