AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo’yicha muovini Jeffri Feltman bugun Liviyada.
Muxolifat nazorati ostidagi Bing’ozida muzokara qilmoqda. Kuni-kecha Yevropa Ittifoqi shaharda o’z idorasini ochgan.
Mamlakatda Muammar Qaddafiy kuchlariuga qarshi NATO harbiy kampaniya davom etmoqda.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Ketrin Eshton Bing’oziga borib, vakolatxona ochilishida qatnashgan.
So’ng muxolifat vakili, Muvaqqat milliy kengash raisi Mustafo Abdul Jalil bilan muzokara qilgan.
“Yevropa Ittifoqi sizni chin dildan qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Eshton.
Yevropa rasmiysi xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, ta’limni mustahkamlab, fuqarolik jamiyatini qurishda Liviyaga yordam va’da qildi.
“Nafaqat bugun, balki kelgusida ham madad berishga tayyormiz”, - deydi Ketrin Eshton.
Ittifoq orasida Fransiya Liviya muxolifatini birinchi bo’lib tan olgan. Qator davlatlar Qaddafiy bilan aloqani uzib, avtokrat rahbar va uning oilasiga tegishli hisob raqamlarini muzlatgan.
Boshqalar muzokara boshlasa-da, Qaddafiy bilan olishayotgan oppozitsiyaga diplomatik maqom berishga shoshmayapti.
NATO harbiy amaliyotlari esa avjida. Eshtonning safari oldidan alyans Tripoli porti va Qaddafiyga qarashli binoni bombardimon qilgan.