Breaking News

Barak Obamaning Yevropada nufuzi baland, lekin…


Barak Obamaning Yevropada nufuzi baland, lekin…
Barak Obamaning Yevropada nufuzi baland, lekin…

AQSh rahbari Barak Obama bugun Britaniyaga safarini yakunlab, Katta Sakkizlik sammiti o’tayotgan Fransiyaga yo’l oldi.

Londonda Bosh vazir Deyvid Kameron bilan muloqot qilgan Obamaning aytishicha, AQSh va Britaniya - demokratiya va erkinlik, tinchlik va adolat uchun kurashda yetakchi davlatlar va ajralmas ittifoqchilar.

Barak Obama ta’rificha, AQSh va Britaniya aloqalari har qachongidan mustahkam. Deyvid Kameron ham global muammolarni hal qilishda oradagi hamkorlik ahamiyatiga urg’u berdi.

Siyosiy tahlilchi Kseniya Dormandi nazarida esa so’nggi 15 yil mobaynida ittifoqchilik o’z-o’zidan ayon degan bir qarash vujudga kelgan. Vaholanki, birgalikda qilsa bo’ladigan ishlar talay. Obamaning tashrifi bu yo’lda bor kuchni ishga solish zaruratini eslatdi.

“AQSh va Britaniya tushunib yetmoqdaki, qo’yilgan maqsadlarga erishish kaliti – yaqinroq hamkorlikda. Umumiy muammolarga effektiv yechimlar topish mumkin, agar bunga strategik tarzda yondashilsa”, - deydi Kseniya Dormandi.

Qo’shma Shtatlar iqtisodiy va harbiy quvvati bilan ustun. Britaniya, boshqa tarafdan, dunyodagi ko’plab davlatlar bilan tarixiy rishtalarga ega. Ya’ni, “yumshoq diplomatiya” bilan ta’sir ko’rsatish kuchi bor unda.

“Bundan kelib chiqadi, bir yoqadan bosh chiqargan siyosat – eng effektiv qurol. Hamjihatlik yuqori o’ringa chiqishi kerak”, - deydi Kseniya Dormandi. “Afg’onistondagi urush, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, global iqtisodiyotga kelganda bu ayniqsa muhim”.

AQSh so’nggi payt Osiyodagi kuchli rivojlanayotgan mamlakatlar bilan aloqani mustahkamlashga o’tgan. Siyosatshunos Maykl Koks fikricha, bu Yevropa ikkilamchi planga o’tadi degani emas.

“Biz Amerika bilan nafaqat hamkor, balki turli sinovlardan o’tgan azaliy ittifoqchilarmiz”, - deydi ingliz olimi.

“Har ikki davlat NATO a’zosi. Britaniya Yevropa Ittifoqida muhim o’yinchi. Demokratik jamiyatlar bir-birini yaxshi tushunadi, ayniqsa Vashington va London jahonga deyarli bir nuqtai nazardan qaraydi”, - deya qo’shadi Maykl Koks.

Prezident Jorj Bush boshqaruvi davrida dunyoning ko’pgina qismlari AQSh obro’siga putur yetgani sir emas. Ilk qora tanli rahbar, Barak Obamaning Oq uyga saylanishi Yevropa qit’asida o’ta ijobiy yangilik sifatida qarshilangan.

Obamaga bog’langan umidlar qisman puch chiqqani ham rost. Masalan, iqlim muhofazasi hamda diplomatiya bobida undan jadalroq qadamlar kutilgan edi. Guantanamo qamoqxonasi haligacha yopilmagan. Osama bin Ladenning o’zga mamlakatda, maxfiy tarzda o’ldirilishini tanqid qilayotganlar ko’p.

“Shunday bo’lsada, Yevropa va xususan Britaniya va Fransiyada Obamaning shuhrati hamon baland”, - deydi Koks.

Bu Obamaning prezidentlikka kelgandan beri Yevropaga sakkizinchi safari.

XS
SM
MD
LG