Yevropa bo’ylab safarini yakunlayotgan prezident Barak Obama Polshada bo’lib, bu davlatni Amerikaning qit’adagi eng yaqin ittifoqchilaridan, deya olqishladi.
“Polsha - kommunizmni o’z gardanidan soqit qilgan davlat - Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada demokratiya uchun kurashayotgan jamiyatlarga ibrat bo’la oladi”, - deydi Obama.
Kelasi yili Qo’shma Shtatlar Polshada harbiy baza ochishi kutilmoqda. Orada viza tartibini bekor qilish masalasi ham ko’rib chiqilyapti.
Mezbon tomon AQShning raketa sistemalari o’z hududida joylashtirilishiga ham rozi, biroq Rossiyaning kuchli qarshiligiga uchramoqda.
Vashington tizim Rossiyaga xavf solmaydi deya uni mintaqaviy mudofaa loyihasida hamkorlikka da’vat etib keladi.
AQSh rahbari qo’shni Belarusda muxolifatchilar, prezidentlikka sobiq nomzodlar qamoqqa tashlanganini qattiq qoraladi. Kuni kecha Minsk sudi Nikolay Statkevichni 6 yil hamda Dmitriy Ussni besh-yarim yillik qamoq jazosiga mahkum etgan.
“Prezident Alekansandr Lukashenko boshchiligidagi repressiv hukumat o’z xalqini ezmoqda, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi ular uchun bir pul”, - deydi Obama.
O’tgan yilgi prezident saylovlaridan beri Belarusda yuzlab faollar hibsga olingan. Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan adolatsiz deya baholangan saylovda Lukashenko g’alaba qilgan.
Obamaning aytishicha, repressiyalar butun mintaqa bo’ylab salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shu yilning iyul oyidan Yevropa Ittifoqi raisligini qo’lga olayotgan Polsha hamda AQSh qo’shni davlatga bosim o’tkazishda davom etadi, jumladan sanksiyalar orqali.
Oq uyning ma’lum qilishicha, "Yevropaning so'nggi diktatori" Lukashenko siyosiy mahbuslarni ozod etmas ekan, so’z va matbuot erkinligi ta’minlanmas ekan, Belarus qo’shimcha sanksiyalar bilan yuzlashishi muqarrar.
Bu orada, prezident Aleksandr Lukashenko chet el axborot vositalarini mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni noxolis tarzda yoritayotganlikda ayblamoqda.
“Belarus iqtisodiy krizis iskanjasida deb vahima ko’tarayotgan ayniqsa Rossiya jurnalistlari”, - deydi Lukashenko. U ayrim xorijiy muxbirlarni mamlakatdan haydab chiqarish haqida ogohlantirdi.