Breaking News

Belarusda muxolifatga qarshi tazyiqlar kuchaymoqda, iqtisod nochor


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko

Tahlilchilar mamlakatda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi kabi g'alayonlar ehtimoli yuqori ekanini aytmoqda.

Belarusda muxolifat har doimgidan qattiq siquvga olinmoqda. So'z va uyushish erkinligi tobora cheklanmoqda. "Yevropaning so'nggi diktatori" nomini olgan prezident Aleksandr Lukashenko raqiblari bilan shu tariqa kurashmoqda.

O'tgan hafta mamlakatda muxolif gazetalarning so'nggi ikkitasi yopildi. "Narodnaya Volna" (Xalq to'lqini) muharriri gazetani yashirincha bo'lsa ham, xorijga ketib bo'lsa ham chiqarishini aytdi.

Shu hafta tashqi ishlar vazirining sobiq o'rinbosari, demokrat siyosatchi Andrey Sannikov va boshqalar ustidan poytaxt Minskda sud jarayoni bo'ldi.

Kuzatuvchilar nazarida Belarus qayta qurishdan oldingi Sovet Ittifoqini eslatadi. Mamlakatni o'tgan yil dekabrida tark etgan teatr rejissyori Natalya Koliadaning aytishicha, Belarusda sodir bo'layotgan voqealar shundan dalolat. Koliada prezident saylovlaridan so'ng hukumatga qarshi chiqishlari sabab Belarusdan ketishga majbur bo'lgan. Hozir u Nyu-Yorkda.

"Dunyo ham buni anglab yetib, Lukashenko haqiqatda Yevropaning so'nggi diktatori ekaniga ishonch hosil qildi", - deydi faol.

Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa kengashida Belarus borasida mutaxassis Yana Kobzovaning aytishicha, oddiy xalqning hukumatga ishonchi qolmadi.

"Lukashenko sergak tortishi kerak. Chunki omma uncha-muncha gaplarini jiddiy qabul qilmaydigan bo'lib qolgan. Unga ishonishmaydi".

Yaqinda Minsk metrosida bomba portlaganida Lukashenko siyosiy raqiblarini ayblagan edi. Ammo Kobzova deydiki, xalq orasida bunga Davlat Xavfsizlik Qo'mitasi qo'l urgan degan gaplar yuribdi. KGBning Germaniyada boshpana olgan sobiq polkovnigi Vladimir Borodach ham shunday fikrda.

Natalya Koliadaning aytishicha, hukumat bu bilan omma diqqatini iqtisodiy muammolardan chalg'itmoqchi bo'lgan.

Ahvol shu qadar og'irki, Belarus rubli ikki baravar qadrsizlanib, davlatda ikki oylik importni qoplash uchun valyuta qolgan xolos. Natijada do'kon rastalaridan chet el mollari yo'qolmoqda.

Korxonalar esa ehtiyot qismlarni xorijdan sotib ololmay ishni to'xtatishga majbur. Davlat statistika idorasi ma'lumotiga ko'ra, natijada o'tgan hafta 600 ming kishi, ya'ni Belarusda ishchi kuchining 13 foizi ishini yo'qotdi.

Iqtisodchi Jonatan Andersonning aytishicha, Belarus jahonda qarzi va kamomadi eng tez o'sayotgan davlatdir.

"Raqamlarga nazar tashlaydigan bo'lsak, iqtisodiyot bunday ahvolda uzoqqa bormasligiga guvoh bo'lamiz", - deydi mutaxassis.

Rossiya shu oy qo'shni davlatga uch milliard dollar qarz berishi mumkin. Belarus pulni sakkiz oy avval so'ragan edi. Rossiyaning shoshmasligiga sabab davlat mulkini arzon narxda sotib olmoqchi. Xususan, Belarusning neftni qayta ishlash zavodi va quvurlarini.

Rasmiy Moskva Belarusni rubl zonasiga kiritish haqida o'ylanmoqda.

Iqtisodchi Andersonning aytishicha, Rossiya berayotgan pul Belarusni olti oylik import bilan ta'minlashi mumkin xolos.

"Shundan so'ng u yana kasodga uchraydi", - deydi Anderson.

G'arbdan esa yordam kutmasa ham bo'ladi. Yordam u yoqda tursin, Lukashenko siyosatidan norozi AQSh va Yevropa Ittifoqi prezident va 158 rasmiyga viza cheklovlari qo'ygan.

Ustiga-ustak, Yevropa Ittifoqi Qo'shma Shtatlar ketidan yaqinda Belarusga valyutada eng ko'p daromad keltiruvchi ikki davlat kompaniyasiga ham sanksiya joriy etishi mumkin.

Yevropa kengashida Belarus borasida mutaxassis Yana Kobzovaning aytishicha, agar siyosiy sud jarayonlari davom etgudek bo'lsa, ittifoq iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytiradi.

Ayni damda 12 siyosiy faol Belarusda sud qilinmoqda. Shu hafta yana bir guruh ustidan sud boshlanadi. Siyosiy va iqtisodiy tanazzul kelasi oylarda ijtimoiy ziddiyatga yetaklashi kutilar ekan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi kabi g'alayonlar ehtimoldan xoli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG