Qizamiq Amerikada yana tarqala boshladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikaning ayrim shtatlarida qizamiq tarqalar ekan, ota-onalar bolalarini bu kasallikka qarshi emlashga undalmoqda. Vashington shtatida fevral boshida 50 dan ortiq bemorlar aniqlandi, Texasda ham shunday hollar qayd etilgan.

​Qizamiq 2000-yilga kelib Qo’shma Shtatlarda butunlay yo’q bo’lib ketgan edi. Hozirda virus xorijdan kirib kelmoqda.

“Qizamiq yuqumli. Bir tarqalsa nazorat qilish qiyin, chunki havodan tarqaladi”, - deydi shifokor Kamil Sabella.

18 shtatda falsafiy, diniy yoki boshqa sabablarga ko’ra ota-onalar vaksinani rad etishga haqli. Vashington shtatida qizamiqqa chalingan o’nlab bemorlar aniqlangach, choralar ko’rilyapti.

“Epidemiya o’chog’i shu yer. Mamlakatning boshqa qismlariga ham tarqalmasin deb qo’rqib turibmiz”, - deydi shifokor Jeyson Xanley.

Qishloq joylarda emlanmagan bolalar ko’proq uchraydi. Shuningdek, Xyuston, Ostin va Sietl shaharlarida ham emlash kam. Texasning Xyuston shahrida qizamiqqa yo’liqqan ikki nafar bola aniqlangan.

“Mamlakat bosh shifokori sifatida aytamanki, qizamiqdan eng samarali himoya – vaksina”, - deydi Jerom Adams.

Ikki dozada emlanish deyarli 100 foiz foyda beradi, deydi shifokorlar.

“Birinchi dozadan 95 foiz himoyalanish mumkin. Sababi, besh foiz bolalar organizmiga birinchi doza ta’sir qilmaydi. Ikkinchi bor emlanganda himoya 99 foizdan ortiq bo’ladi”, - deydi Kamil Sabella.

Qizamiq og’ir kasallik. Bolalar uchun esa xavfli hamdir.

“Qizamiqqa chalinganlarning uchdan biri kasalxonaga tushib qoladi. Bunga boshqa kasalliklar asorati sabab bo’ladi”, - deydi AQSh Bolalar salomatligi markazidan Roberta Debiasi.

O’pka yallig’lanishi, bosh miya yallig’lanishi kabi asoratlar bolaning nogiron bo’lib qolishiga sabab bo’lishi mumkin. Shifokorlar buning oldini olishda vaksina muhim ekanini qayta-qayta ta’kidlamoqda.