Yurtboshining jismoniy-ruhiy sog'lig'i va tibbiy razvedka

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh Assambleyasiga kelgan rahbarlar birga suratga tushdi, 20-sentabr 2011

Shu kunlarda Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyaga yig’ilgan. Davlat rahbarlari jahon ahli oldida chiqish qilar ekan, ularni nafaqat jurnalistlar va tahlilchilar, balki razvedkachilar ham yaqindan kuzatmoqda.

Odatda odamlar rahbar nima deyayotganiga quloq tutsa, maxfiy xizmat xodimlari siyosatchi qanday gapirayotgani va uning hatti-harakatini o’rganadi.

Chunki bu bilan ular prezident va bosh vazirlarning jismoniy hamda ruhiy ahvolini bilib oladi.

Davlat rahbarining to’satdan aqldan ozishi va boshqa mamlakat bilan urush boshlab yuborishi badiiy film va kitoblarda ko’p tasvirlangan.

Ammo yakkahokimlikka asoslangan tuzumlarda bunday ssenariyning haqiqatga aylanishi hech gap emas.

O'zbekiston rahbari Islom Karimovning sog'lig'i haqida har xil mish-mishlar yuradi. Rasmiy manbalar bu bora og'iz ochmaydi.

Shu bois xorij razvedkachilari davlat rahbarlarining jismoniy va ruhiy holatini o’rganadi.

AQSh Markaziy Razvedka Agentligida bunday vazifa, ya’ni tibbiy razvedka MPAC (Medical and Psychological Analysis Center) deb nomlangan maxsus bo’lim zimmasiga yuklangan.

Bu soha ustasi Jonatan Klementning aytishicha, MPAC muayyan davlat rahbari u yoki bu vaziyatda qanday yo’l tutishi ehtimolini tekshiradi.

Biror davlat bilan hamkorlik qilish va unga nisbatan siyosat belgilash uchun uning tepasida turgan inson kim va qay ahvolda ekanini bilish kerak.

Venezuela rahbari Ugo Chavez rak bilan olishmoqda

1978-yilda markaziy razvedka prezident Jimmi Karter uchun Misr rahbari Anvar Saodat va Isroil Bosh vaziri Menaxim Beginning psixologik portretlarini tuzib beradi. Mutaxassislar Karterga ikki prezident o’zaro kelishsa ham, hamfikrligini tan olmasligi va muzokara davomida bir-biriga hatto qaramasligini aytishadi. Shu tariqa AQSh rahbariga ikki davlat o’rtasida vositachi ro’lini o’ynash tavsiya qilinadi. Karter aynan shunday yo’l tutadi va muvaffaqiyatga erishadi. Muzokaralar tinchlik bitimi bilan yakunlandi.

Insonning jismoniy va ruhiy ahvoli bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Venesuela prezidenti Ugo Chavezning kutilmagan qarorlar qabul qilishi - uning kasal ekanidan. Chavez rak bilan olishmoqda.

Karzay ruhan kasal ekani, kuchli dorilar ichishi haqida ma'lumotlar bor, deydi tahlilchilar

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay ruhan sog’lom emas degan taxminlar mavjud. Uning atrofidagi odamlardan to’plangan ma’lumotlar Karzayning kuchli dorilar qabul qilishi va o’ta asabiylashadigan inson ekanini fosh etgan.

Ammo tibbiy razvedka bo’yicha yana bir mutaxassis, Braun Universiteti professori Rouz MakDermott fikricha, Karzayning ba’zida g’alati hatti-harakatlari ruhiy kasallik alomatimi yoki nasha chekishdanmi, buni aniq aytish qiyin.

Shunisi aniqki, davlat rahbari millionlab insonlar hayoti bilan bog’liq qarorlar qabul qiladi. U bergan farmon va buyruqlari nafaqat uning yurti balki qo’shni va hamkor mamlakatlarga ham ta’sir ko’rsatadi.