Har bir jamiyatda - demokratiya bo’ladimi yo diktatura – davlat rahbari salomatligi haqidagi ma’lumot o’ta maxfiy hisoblanadi. Boshqa mamlakatlarning razvedka xizmatlari uning sog'lig'ini kuzatishga harakat qiladi. Bu ishning o’z nomi ham bor – tibbiy razvedka.
Prezident, bosh vazir, diktator yoki monarx, uning jismoniy va ruhiy ahvoli – davlat xavfsizligi bilan bog'liq masala.
Rahbar bor-yo’g’i shamollasa yo isitmalasa, qimmatbaho qog’ozlar bozori ostin-ustun bo’lib ketishi mumkin. Mamlakatda kutilmaganda saylov yoki hatto inqilob yuz berishi ham ehtimoldan holi emas.
AQShdagi Braun Universiteti professori Rouz Makdermott tibbiy razvedka masalasini ko’p yillardan beri o’rganib keladi.
Olima deydiki, har bir davlat rahbarining asl ahvoli haqidagi ma’lumot jahon siyosatida katta ahamiyatga ega.
”Bunday informatsiya hokimiyatni o’zgartirib yuborishi mumkin, ayniqsa avtoritar yoki totalitar tuzumda, chunki bunday davlatda qarorlar bir-ikki odam tomonidan qabul qilinadi. Rahbarning betobligini bilish, kasallik alomatlari va asl vaziyatdan xabardor bo’lish… Undan keyin hukumatda kimni qo’llab-quvvatlash mumkin? Mana shu muhim masala”,- deydi Makdermott.
AQSh Markaziy Razvedka Agentligida maxsus bo’limi bor. U qisqacha MPAC (Medical and Psychological Analysis Center) deb atalib, tibbiy razvedka bilan mashg’ul. U yerda yuqori malakali shifokor, ruhshunos, jamiyatshunos va siyosatshunoslar, shuningdek antropolog-madaniyatshunoslar ishlaydi.
Doktor Jerrold Post 1970-yillarda shu bo’lim xodimi bo’lgan. Mutaxassisning aytishicha, dunyoda rahbar borki, sog’lig’i bilan bog’liq ma’lumotni yashirishga urinadi.
”Barchamiz rahbarimiz bilimdon va kuchli bo’lishini xohlaymiz. Agar u betob bo’lsa, zaif ko’rinadi. Prezident va bosh vazirlar buni yaxshi tushunadi”,- deydi u.
AQShni 1933-45 yillar orasida boshqargan Franklin Delano Ruzvelt shol bo’lgan, yuragi ham kasal edi. U Oq Uyda olamdan o’tgan.
Yana bir prezident, Grover Klivlend 1893 yilda jag’ saratoniga qarshi jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirgan. Buni sir saqlash uchun amaliyot kemada qilingan.
Eron shohi, Filippin prezidenti, Turkmaniston rahbari og’ir ahvolda ekani ham aslida maxfiy xizmatlar tomonidan aniqlangan.
Qozog’iston, qolaversa O’zbekiston rahbarining ham turli kasalliklar bilan olishayotgani borasida vaqti-vaqti bilan mish-mishlar tarqab turadi.
Xo’sh, razvedkachilar qaysi yo’llar bilan xorijiy davlat rahbarlarining salomatligi haqida ma’lumot to’playdi?
”Maxfiy xizmatlar video tasvirlarni o’rganadi. Odamning yurishi va o’zini tutishiga e’tibor beradi”,- deydi mutaxassis Jonatan Klement.
“Rahbar qanday qadam tashlayapti, oqsoqlamayaptimi, bir qo’lini boshqasiga qaraganda ko’proq ishlatmayaptimi? Uning yuzida qanday alomatlar bor?”
Davlat rahbarining video yoki suratlarini topish qiyin bo’lsa, boshqa usullar qo’llaniladi.
Fred Burton - “Stratfor” razvedka firmasi vitse-prezidenti, aynan shu masala bo’yicha mutaxassis.
Bunday ma’lumotni qo’lga kiritish al-Qoida terrorchilari yoki Eron yadroviy dasturiga oid informatsiya to’plash bilan barobar, deydi u.
”Kasalxona ma’murlaridan tortib, shifokorlar va hamshiralargacha, yoki bo’lmasa qon tahlilini amalga oshiradigan laboratoriya xodimlari, ya’ni kasalxonadagi ma’lumotni qo’lga kirita oladigan har bir odam. Ular noyob manbalar hisoblanadi”, - deydi Burton.
Davlat rahbari xorijda davolansa, razvedkachilar ishi osonlashadi. Lekin ma’lumot qo’lga kiritilganidan keyin mamlakat yoki o’sha rahbar taqdiri haqida ochiq gapirilmaydi.
”Masalan, razvedkachilar “Fidel Kastroning olti oylik umri qoldi” deb bashorat qilmaydi. Ular faqat faktlar to’playdi xolos”, - deydi tibbiy razvedka bo’yicha mutaxassis Jonatan Klement.
Lekin eng to’liq tuyulgan razvedka ma’lumoti ham pand berishi mumkin.
2006 yulda AQSh razvedkasi boshlig’i Jon Negroponte “Kuba lideri Fidel Kastroning ajali yetdi” degan edi. Oradan besh yil o’tdi, Kastro hamon hayot.