Amerikada yoshi 18 dan 64 gacha bo’lganlarning 20 million nafari nogiron. Ularning qariyb 80 foizi ishsiz. Huquq faollari fikricha, bunga sabab - ish joylarida nogironlar ehtiyojlariga javob beradigan sharoit yaratilmagani. Lekin imkoniyati cheklangan insonlarga yordam qo’lini cho’zayotgan, ular uchun ish joylarini yaratayotgan tashkilot va tadbirkorlar ham ko’p.
Michigan shtatidagi Lansing shahrida joylashgan “Pekam” (Peckham) fabrikasida Amerika armiyasi uchun harbiy forma tikiladi. Oyiga 300 ming forma ishlab chiqariladi.
Buyurtmani vaqtida bajarish uchun 1200 xodim ikki smenada ishlashi kerak.
Ishchilarning 85 foizi - nogiron. Ko’zi ojiz, qulog’i karlardan tortib ruhiy kasallargacha… Imkoniyatlari keskin darajada cheklangan odamlar ham ishlaydi bu yerda, deydi fabrika menejerlaridan biri Ed Terris.
“Pekam” - nogironlar uchun treninglar uyushtiradigan va ularni ishga joylaydigan notijorat tashkilot.
Nogiron odamlar ishi va hayotini yengillashtirish uchun bu muassasa ularga moslashtirilgan texnologiyalardan keng foydalanadi.
“Mana bu stol har bir tikilgan narsadagi iplarni kesib tashlash uchun qulay qilib yasalgan... Mana bu yerda teshikcha bor, undan ipni o’tkazsangiz, u yo’q bo’ladi qoladi. Bu jihozning eng yaxshi tomoni - hamkasbim Ben va menga o’xshagan ko’zi ko’r odamlar mana bu yerga barmog’ini qo’ysa ham. qo’lini kesib olmaydi,” - deydi Chack, ko'zi ojiz ishchi.
Emi Rouz Xeybor aqlan zaif. Shu bois u hech qaysi ishda uzoq ishlolmagan.
“Muammo o’zimda deb qiynalardim. Ishimni bajara olmayapman, ishga qiziqmayman deb o’zimni ko’yirdim,” - deydi ayol.
Bu yerda esa rahbarlar uni tez-tez bir ishdan boshqasiga o’tkazib turadi. Hozir esa Xeybor boshqa ishchilarga rahbar.
“Asta-sekin bu mening aybim emasligini angladim. Bu ishxonam butunlay boshqacha. Boshliqlar “ha, muammolar bor, lekin sening aybing yo’q”, deb tan olishdi. Unga qanday yordam bersak ekan deb, ish sharoitlarini menga moslashtirishdi. Qanday yaxshi-a?”
“Pekam” uchun mablag’ning bir qismini federal hukumat ajratadi. Nogiron odamlar uchun ish yaratadigan nodavlat tashkilotlardan mahsulot sotib oladi.
Biroq huquq faollarining ta’kidlashicha, bundan ham ko’proq kompaniyalar ish sharoitlarini nogiron odamlarga moslashtirib, ularni yollamas ekan, imkoniyati cheklangan odamlar qiyinchiliklar bilan yuzlashaveradi.