ISROIL
Isroilning Tel-Aviv va boshqa shaharlarida yuz minglab odamlar qimmatchilikdan nolib namoyish qilgan. Ular ijtimoiy adolatni o'rnatishga qaratilgan islohotlar talab qilmoqda.
Isroil politsiyasi hisobiga ko'ra, Tel-Aviv 30 ming, Quddusda 20 ming odam ko'chaga chiqqan. Aholi ko'chmas mulkka narxning osmondaligidan, maoshlarning kamligidan, soliqlarning yuqoriligidan, oziq-ovqat va yonilg'ining qimmatligidan shikoyat qilmoqda. Namoyishda turli kasb egalari ishtirok etgan.
Faollarning aytishicha, Isroildagi hozirgi iqtisodiy tuzum oqibatida boy va kambag'allar orasida tafovut yanada kuchayadi.
IROQ
Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy Elektr ta'minoti vaziri Raad Shalolni lavozimidan ketishga chaqirib, parlamentga uni ishdan olish haqida ko'rsatma yo'llagan.
Rasmiylarning bildirishicha, vazir Kanada va Germaniyaga qarashli kompaniyalarga Iroqni elektr quvvati bilan ta'minlashga doir 1,7 milliard dollarlik kontraktlarni bergan, bu kompaniyalar kontraktni olish talablariga to'liq javob bermagan bo'lsa-da. Raad Shalol ishdan ketishi uchun parlament bosh vazir farmonini tasdiqlashi lozim.
LIVIYA
Liviya muxolifati hukumat kuchlariga qarshi janglarda qo'li baland kelib, janubi-g'arbdagi Bir al-G'anam shahrini ishg'ol qilganini aytmoqda. Olishuvda kamida to'rt isyonchi o'lgan.
Bir al-G'anam poytaxt Tripolidan 85 kilometr narida joylashgan bo'lib, muxolifat kuchlari u uchun bir necha oy jang qilgan. Isyonchilar g'arbdagi Zlitan shahrini ham qo'lga olishga harakat qilmoqda. Kecha hukumat kuchlarining hujumi qaytarilgan.
SURIYA
Suriya armiyasi mamlakat markazi va sharqida hukumatga qarshi namoyishchilarga hujum qilib, 4 nafarini o'ldirgan. Askarlarga tanklar yordam bermoqda. Kecha BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya prezidenti Bashar al-Assadga qo'ng'iroq qilib, oddiy aholiga qarshi harbiy kuch ishlatishni to'xtatishga chaqirgan.
Bosh kotib u mamlakatda o'z obro'sini saqlab qolmoqchi bo'lsa, zudlik bilan siyosiy islohotlarni boshlashi kerakligini, muxolifat faollarini hibsga olishlarni to'xtatish zarurligini ham Assadga uqtirgan.
Bunga javoban Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim yil oxiriga yaqin erkin parlament saylovlari o'tkaziladi, deya ishontirgan.