Tramp ma'muriyati Isroil va Falastin o'rtasidagi azaliy mojaroga nuqta qo'yish, Yaqin Sharqqa tinchlik va farovonlik olib kelish uchun 50 milliard dollarlik iqtisodiy rejani olg'a surmoqda. U Falastin va qo’shni arab mamlakatlariga sarmoya jalb etishni ko'zlaydi. G’arbiy sohil va G’azo sektorini bog’laydigan besh milliard dollarlik transport koridori qurilishini moliyalaydi.
“Tinchlik evaziga taraqqiyot” rejasini Oq uy bosh maslahatchilaridan Jared Kushner kelasi hafta Bahraynda o’tadigan xalqaro anjumanda e’lon qiladi. Rejaga 179 ta infrastruktura va biznes loyihalari kiritilgan. Nizolarga barham berishning bunday yo’lidan falastinliklar norozi.
Iqtisodiy tiklanish rejasi Kushner boshchiligida ikki yilda ishlab chiqilgan. Biroq uzoq yillik Isroil-Falastin mojarolariga siyosiy yechim topilmas ekan, reja qog’ozda qolib ketaveradi.
50 milliard dollarning yarmidan ko’prog’i Falastinning iqtisodiy nochor hududlariga ajratilishi mumkin, qolgani Misr, Livan va Iordaniyaga bo’lib berilishi nazarda tutilgan. Ayrim loyihalar Misrning Sinay yarimorolida amalga oshirilishi rejalangan. Investitsiyalar qo’shni G’azo sektoriga ham foyda keltirishi mumkin.
Rejada Falastinda turizm sektorini yaratish va rivojlantirish uchun bir milliard dollar ajratish ko’zda tutilgan. Biroq Xamas va Isroil kuchlari o’rtasida kechayotgan to’qnashuvlar to’xtamasa, buni amalga oshirib bo’lmaydi.
“Tramp ma’muriyati ko’rfazning boy mamlakatlari, Yevropa va Osiyodagi qudratli davlatlar hamda xususiy investorlar sarmoyalarning katta qismini qoplashidan umidvor”, - deydi Kushner.
Arab siyosatchilari va sharhlovchilari Vashington rejasini turlicha qabul qildi. Ayrimlarda achchiq kulgi va g’azab uyg’ondi. Biroq berilgan imkoniyatdan foydalanib qolish kerak, deganlar ham bor.
“Davlat qurishimiz uchun Bahraynda sammit o’tkazish shart emas. Bizga tinchlik va rejaning uzviyligi kerak. Iqtisodiy barqarorlik orqali tinchlikka erishish xomxayol va sarob”, - deydi Falastin Moliya vaziri Shukri Bishara.
Rejada konkret siyosiy yechim ko’rsatilmagan. Vashington buni keyinroq e’lon qilishini aytmoqda. Falastin va boshqa arab mamlakatlari e’tiroz bildirmoqda.
Sudandan tortib Quvaytgacha, sharhlovchilardan oddiy aholigacha Vashington rejasiga tanqidiy munosabat bildirmoqda. Xususan, rejaga “vaqtni bekorga sarflash”, “utopiya” va “o’lik tug’ilgan g’oya” degan nisbatlar berilmoqda.
Falastin ozodlik tashkiloti Kushnerning siyosiy yechimlar borasidagi rejalarini “mavhum va’da” deb atadi. Tashkilot rejani Isroilga bo’ysunish uchun taklif etilgan pora deb biladi.