Suv bu hayot. Yer sharining 70 foizi suvdan iborat, lekin uning taqchilligi cheksiz mojarolarga sabab. Ayniqsa Yaqin Sharqda vaziyat tang. Kelasi 20 yilda suv bilan bog’liq muammolar yangi mojarolarga turtki berishi mumkin.
Chegara hududlarida joylashgan suv havzalari yoki bir necha davlatlar hududidan o’tuvchi daryolar qo’shni mamlakatlar orasida hamisha turli kelishmovchiliklar uyg’otib kelgan.
Suv muammosi nafaqat davlatlar balki mahalliy guruhlar o’rtasida qonli to’qnashuvlarga olib borishi mumkin. Chuchuk suv taqchil 15 mamlakatning 10 tasi Yaqin Sharqda.
Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazida yetakchi mutaxassis Jon Alterman vaziyatni sharhlab beradi:
“Suv Yaqin Sharqda siyosiy masala. Hamma qarorlar suv taqsimoti bilan bog’liq. Suv bu regionda hukumatlar uchun tayanch vositasi. Ob-hayot taqchilligi bu jamiyatlar kelajagiga xavf solmoqda”.
Yaqin Sharqda suv muammosi, bu olimning aytishicha, 1980 -1992 yillar oralig’ida keng tadbiq etilgan “yashil inqilob” natijasida yuzaga kelgan.
Bu davr mobaynida yerosti suvlari qishloq xo’jaligini kengaytirish va cho’llarni ko’kalamzorlashtirish uchun tartibsiz bir usulda ishlatilgan va isrof qilingan.
Migratsiya ham katta rol o’ynaydi. Suv takchilligi Yaqin Sharqda etnik nizolarga ham yetaklashi mumkin. Hukumatlar regionda yangi mojarolar chiqishini istamasa, ichimlik suvi taqsimoti bobida kelishib olishi kerak.
Suv ta’minoti strategiyasini yangilash lozim, deydi Jon Alterman.
“Gap suv zaxiralari ustida ketayapti. Suvdan oqilona foydalanmaslik oqibatida daryolar qurib borayapti. Yerosti suv zaxiralari kamaygan”.
Jon Alterman singari olimlar hukumatlarga bir necha takliflar bilan chiqmoqda.
Birinchidan, irrigatsiya tizimini yangilash kerak. Bunda yerosti suvlaridan qayta foydalanish mexanizmi yaratish nazarda tutiladi.
Ikkinchida, suv bahosini nazorat qiladigan sistema ishlab chiqish kerak.Suvdan tejamkorlik bilan foydalanayotgan odamlarni rag’batlantirish tavsiya qilinadi.
2017 yilga borib, deydi Jon Alterman, Yaman poytaxti Sana shahrida suv zaxiralari tugashi kutilmoqda. Buning natijasida yangi siyosiy va ijtimoiy muammolar paydo bo’ladi.
Yaqin Sharq mamlakatlarida osoyishtalikni ta’minlash uchun global hamkorlikka chaqirayotganlardan biri AQShning iste’fodagi generali Antoni Zinni.
“Bu bir mamlakatlarning muammosi emas, aksincha global muammo. Suvdan qanday foydalanish borasida qo’shni mamlakatlar kelishib regional hamkorlikni keng yo’lga qoy’ish zarur. Hamma o’z bilganicha ish tutaversa, oxiri voy bo’lishi hech gap emas”.
General Zinni fikricha Yaqin Sharqda suv siyosatini yaxshilash bilan Isroil-Falastin mojarosini ham bartaraf etish mumkin. U Turkiya va Suriya hududidan oqib o’tuvchi Evfrat daryosi bilan bog’liq kelishmovchiliklar, Nil daryosi tufayli Misr va Afrikaning boshqa respublikalari orasidagi ziddiyatlarni ham tilga oladi.
“Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqda tomonlarni murosaga chaqirish, ularni tinchlikka da’vat qilish bilan birga suv taqsimoti, uni tejash va teng baham ko’rish siyosatiga ham e’tibor qaratish kerak. Bu jarayongayetuk mutaxassis va olimlarni jalb qilish kerak”,- deydi general Zinni.