Arab dunyosida islomiy partiyalar siyosiy maydonga otlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Qohiradagi namoyishlar

Tunis va Misrdagi qo’zg’olon arab dunyosidagi siyosiy manzarani o’zgartirishi mumkin. E’tibor hozir regionda uzoq yillar davomida taqiqlangan islomiy partiyalarda.

Tunis yoki Misrdagi inqiloblar bu partiyalarning ishi emas. Ommani, ayniqsa yoshlarni oyoqqa turg’azgan – yo’qsillik va repressiv hukumatlar.

Misrda eng yirik muxolif partiya, “Muslumon Birodarlar” qo’zg’olonni qo’llab-quvvatlamoqda. Xalq orasida guruhning nufuzi baland.

Tahlilchi Robert Danin deydiki, islomiy harakatlar kuchga to’lishi tayin. Xalq va birodarlarning talabi bir – erkinlik va islohotlar.

“Muslumon Birodarlar” siyosiy partiya sifatida man qilingan va a’zolari doim bosim ostida. Birodarlar o'tgan saylovlarda mustaqil nomzod sifatida qatnashgan.

Partiya a’zosi Abdul Mannan Abdul Fotihning aytishicha, prezident Husni Muborak islomiy guruhlarni siyosatdan chetlatib kelgan.

"Muborak o’z xalqi va g’arb ahliga yolg’on aytib, islomga xayrixoh arboblarni Yaqin Sharqqa tahdid deya ta’riflagan", deydi u.

"To’g’ri, ektremist kuchlar yo’q emas. Lekin hozir mavjud islomiy guruhlar zamonaviy, qarashlari ilg’or, tinchliksevar. AQSh va G’arb dunyosi hadiksirashni bas qilishi kerak", -deydi “Muslumon Birodarlar” yetakchisi.

Birodarlar shu yil rejalangan saylovlar odil va erkin o’tishini talab qilmoqda.

Tunisda ham prezident Zaynal Obiddin Bin Ali ketib, shu yil saylovlar o’tadi.

Siyosatdon Radvan Masmudi fikricha Tunisda uzoq yillar man qilingan islomiy harakat – "Hizb Innahda" - Uyg'onish partiyasi saylovda ishtirok etishi kerak.

"Gap Tunisda dunyoviy va islomiy partiyalar murosaga kelish-kelmasligida. 1981 yilida asos solingan "Innahda" zamonaviy, dunyoqarashi keng kishilardan tarkib topgan", - deydi mutaxassis.

"Innahda" partiyasining qariyb 20 yildan buyon surgunda yashagan rahbari Rashid G'annuchiy kuni-kecha Tunisga katta tantana bilan qaytdi.

Bu harakat “Musulmon Birodarlar”ga qaraganda ancha og’ir-vazmin, murosaga moyil ekani aytiladi.

Tahlilchi Daniel Brumberg fikricha xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozonish uchun islomiy guruhlar represiv emasligini ko’rsatishi kerak.

Xalqqa murojaat qilib, demokratiya va erkinlikni kafolatlash lozim. Islomiy kuchlar hech kimga ziyon qilmoqchi emasligini isbotlasa, saylovda g’alaba qozonishi mumkin.

Hokimiyatga kelib, inson huquqlarini hurmat qilishini ko’rsatsin, demokratik tuzumni saqlab qolsin, deydi mutaxassis.

Jazoir bunga misol. 1992 yilgi saylovlar islomiy guruh g’alabasi bilan yakunlangan. Lekin bundan xavotirga tushgan harbiylar hokimiyatni qo’lga olgan va fuqarolar urishi boshlangan. Jazoir hamon mana shu ixtilof asoratlari bilan kurashmoqda.