AQShning Isroilga G’azoga gumanitar yordamni kiritish uchun qo’ygan bir oylik muhlati tugab bormoqda. Yana ikki kundan keyin Qo’shma Shtatlar Isroil sektorda gumanitar vaziyatni yaxshilashi uchun nima qilgani bo’yicha xulosa chiqarishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5
Dushanba kuni gumanitar yordam eltib ketayotgan yuk mashinalariga G’azo shimoliga kirishga ruxsat berildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti anklav ocharchilik yoqasida deb keladi.
AQSh rahbari 13-oktabr kuni Isroil hukumatiga 30 kun ichida G’azoda ahvolni yaxshilashga muhlat bergan va uning talabi bajarilmasa, harbiy yordam cheklanishi haqida ogohlantirgan.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi rahbari yahudiy mamlakatni ochlikdan qurol sifatida foydalanayotganlikda aybladi.
Saudiya Arabistonida Yaqin Sharq mojarolari muhokamada
Bu o'rtada G’azo va Livandagi urushlarni muhokama qilish uchun dushanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda arab va musulmon mamlakatlardan rahbarlar to’plandi.
Saudiya qirolining o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Isroilni Falastin xalqiga qarshi qatliomda ayblab, taraflarni otashkesimga chaqirdi.
Biroq Isroil G’azoda XAMAS, Livanda “Hizbulloh” harakatlarini yo’q qilmaguncha harbiy harakatlarini to’xtatmasligini bildirmoqda.
Natijada o’tgan yil oktabridan beri 37 mingdan ziyod odam o’lgan. BMT G’azoda qurbonlarning salkam 70 foizi ayollar va bolalar ekanini qayd etadi.
Suriya Prezidenti Bashar Assadga ko’ra, “Isroil huquqiy ma’noda davlat emas, mustamlakachi tuzilmadir.
"Biz madaniy va insoniy xalq emas, johil ko’chmanchilar to’dasi bilan yuzlashyapmiz”, - dedi Assad.
Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiyning aytishicha, mintaqada tinchlikka Falastinda mustaqil davlat tashkil etish orqali erishish mumkin.
Riyoddagi tadbirda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashmoqda.
Qatar vositachilik rolida tanaffus e’lon qilmoqda
Qatar hukumati Isroil va XAMASni otashkesim bo’yicha muzokaralarga jiddiy yondashmayotganlikda ayblab, vositachilik rolidan chiqishi haqida ma’lum qildi. Ammo taraflar urushni to’xtatishga qat’iy niyat bildirsa, vositachilikka qaytishini aytdi.
XAMAS Isroil qo’shinlarini G’azodan butunlay olib chiqishini talab qilmoqda. Isroil esa XAMAS batamom yo’q bo’lgandan so’ng urush tugashini ta’kidlayapti.
Isroil ahli ko’chaga chiqib namoyish qilishda, Benyamin Netanyaxu hukumatidan XAMAS garovga olgan vatandoshlarini ozod etishga qaratilgan otashkesimga kelishishni talab qilmoqda.
“Garovdagilar 400 kundan beri G’azoda. Urush qayoqqa qarab ketayotgani noma’lum. Bu katta fojia. Hukumat xalqqa quloq solishi kerak”, - deydi namoyishchilardan biri.
Isroilning G’azo va Livanga qonli hujumlari davom etmoqda. Yakshanba kuni G’azo shimolidagi Jabaliya shahridagi uyga zarbada o’nlab odam, jumladan urushdan qochgan bolalar o’lgan.
Isroil terrorchilar yashiringan joyni nishonga olganini ta’kidlaydi.