Amerikada restoran ishchilari minimal maoshni oshirishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Qator shaharlarda “fast food”, tez pishadigan taom sotuvchi restoranlar xodimlari oy boshida namoyish qildi. Mamlakat tarixidagi eng yirik yig’in bu, deydi guvohlar.

Shu oy Qo’shma Shtatlarda “fast food”, ya’ni tez pishadigan taom sotuvchi restoranlarda minglab odamlar yig’ilib, ko’proq ish haqi talab qildi. Kongressdan sas yo’q, shahar va shtatlar bo’ylab esa maosh ustida bahslar tobora kuchaymoqda.

Qator shaharlarda “fast food”, tez pishadigan taom sotuvchi restoranlar xodimlari oy boshida namoyish qildi. Mamlakat tarixidagi eng yirik yig’in bu, deydi guvohlar. Restoran va kichik bizneslarda ishlovchi bu odamlar ko’proq maosh so’rayapti.

Prezident Barak Obama bu talablar o’rinli ekanini tan olayapti:

“Butun Amerika bo’ylab restoran ishchilari norozi. Ular oilasini boqish, ro’zg’or yuritish uchun oyligi oshishini talab qilayapti. Bu talablar o’rinli, odamlarning bunga haqqi bor. Oddiy haqiqatni e’tirof etish kerak: Amerikada eng kam maosh ko’tarilishi kerak”.

Davlat miqyosida eng kam maosh soatiga 7.25 dollar.

Lekin ayrim shahar va shtatlarda oylik kattaroq. Kaliforniyada ishchilar soatiga kamida 9 dollar topadi. Sietlda esa eng oz oylik soatiga 15 dollar. Namoyishchilar butun Amerika bo’ylab 15 dollar belgilansin, deydi.

Los-Anjeles meri kelasi uch yilda shaharda eng kam ish haqini soatiga 13.25 dollarga oshirmoqchi.

AQSh rasmiysi (Amerika Kichik biznes ma’muriyati raisi) Mariya Kosteras-Svitning aytishicha, Kongressda qarshilik bor. Los-Anjelesda biznesmenlar bilan ko’rishgan mutasaddi “Amerika Ovozi” bilan gaplashdi:

“Prezident eng kam ish haqini 10.10 dollar qilib belgilashni taklif qildi. Lekin shtat va shaharlarda iqtisodiy ahvol va me’yorlar har xil ekanini unutmaslik kerak. Kongress biror chora ko’rmayotgan bir paytda merlar va shtat rasmiylari o’zi bilganicha yechim bilan chiqayapti”.

Friman Ho - avtomobil sozlash do’koni sohibi. Xodimlariga ko’proq pul to’lashi mushkul:

“Ish haqi oshsa, mijozlardan ham ko’proq pul talab qilishimiz kerak bo’ladi”.

Lekin tadbirkor ishchilar oilasini boqish uchun yetarli maosh olmayotganini tan oladi.

“Oziq-ovqat va boshqa mahsulotga odamning puli yetishi kerak. Pulning qadri bo’lishi kerak”, - deydi biznes egasi.

Los-Anjelesdan rasmiy Rasti Xiksning aytishicha, ko’plar kam oylik oladi-yu ko’p ishlashga majbur:

“Shtatdagi xodim haftasiga 40 soat ishlasa, o’zini ham, oilasini ham bemalol boqa olishi shart. Boshqa xarajatlarga ham yetishi kerak pul”.

Biznes ahli va Kongressda aksariyat respublikachilar nazarida eng kam maosh oshirilsa, ish beruvchi ish o’rinlarini qisqartirishga majbur bo’ladi. Bundan oz pul topayotgan mehnat ahli birinchi bo’lib ziyon ko’radi. Maoshni oshirish tarafdorlari fikricha, bundan iqtisodiyot o’sadi va ishchi mehnati uchun munosib haq oladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Minimal maoshni oshirish talabi - US/Minimum Wage