O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga safar qilmoqda. 3-aprel kuni Sankt-Peterburgda kuzatilgan terror xuruji prezident safariga va muzokaralarga ta'sir ko`rsatmagan. Mirziyoyev Kremlda Prezident Vladimir Putin bilan uchrashadi.
O`zbekiston va Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yangi bosqichga ko`tarishga umid qilmoqda. 5-aprelda yakunlanishi kutilayotgan safar Mirziyoyevning prezident sifatida Rossiyaga qilayotgan dastlabki tashrifidir.
Mirziyoyev dastlab Bosh vazir Dmitriy Medvedev bilan uchrashadi, keyin esa Prezident Putin bilan muzokara qiladi, 5-aprelda.
3-aprel kuni Sankt-Peterburg metrosidagi portlashda 10 dan ortiq odam o`ldi. Shaharda uch kunlik motam. Mirziyoyev Rossiya xalqiga hamdardlik bildirgan.
Toshkent taqdim etgan bayonotda muzokaralar hamkorlikning barcha sohalarini qamrashi, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarida yangi bosqich boshlanishi kutilayotgani aytiladi.
Mirziyoyevning Moskva safariga ancha vaqt tayyorlandi. Hukumat rahbarlari, vazirliklar, shuningdek, Rossiya va O`zbekistondagi viloyat hokimliklari darajasida bir qator muzokaralar o`tkazildi.
Bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov boshliq delegatsiya Moskvaga 3-aprel kuni yetib borgan. Tomonlar hozirgacha 3,5 milliard dollarlik shartnomalar imzolagan. Yana 12 milliard dollar hajmidagi bitimlarga qo'l qo'yilishi kutilmoqda.
O`zbekiston Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlarga qo`shilishdan bosh tortgan. Islom Karimov davrida qabul qilingan bu tamoyil Mirziyoyev prezidentligida o'zgaradimi? Hozircha noma`lum.
Sharhlovchilar Toshkentning Moskva bilan strategik aloqalarida keskin burilishlar bo`lishini kutmayapti, ammo Sankt-Peterburgdagi portlashlar xavfsizlik bilan bog`liq vaziyat muhokamasini ancha dolzarblashtiradi, deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.
“Prezidentlar uchrashuvida, albatta, Sankt-Peterburgdagi fojeali voqealar e`tibordan chetda qolmaydi. Bu faqat fojea qurbonlariga hamdardlik bildirish bilan cheklanmasa kerak, muzokaralarda ham bu aks etadi”, - deydi tahlilchi.
Ekspert Alisher Ilhomovga ko`ra, Sankt-Peterburgdagi xuruj yuzasidan tergov davom etmoqda va portlashda markaziy osiyolikning gumonlanayotgani mehnat muhojirlari bilan muzokaralarga bilvosita ta'sir qilishi mumkin.
“Birinchi navbatda portlashlar Rossiyaning ichki ishi, bu muzokarasi kutilayotgan masalalarga biror jihatdan ta'sir ko`rsatishi mumkin emas. Faqat bir ehtimollik, xuruj Rossiyada muhojirlarga nisbatan mavjud siyosatni yanada keskinlashtirishi mumkin. Ayniqsa, hozirda tergov tomonidan surilayotgan gumon - portlash qirg`izistonlik tomonidan amalga oshirilgani tasdiqlangudek bo`lsa”, - deydi Ilhomov.
Rossiya huquq-tartibot organlari Sankt-Peterburgdagi portlashlarda kelib chiqishi qirg`izistonlik bo`lgan Akbarjon Jalilovni gumonlayapti.
Mirziyoyevning Putin bilan muzokaralarida xavfsizlik masalasi, Afg`oniston bilan bog`liq vaziyat va terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorlik ham muhokama qilinadi.
“Agar bu kabi teraktlar Markaziy Osiyoda kuzatilganda edi, bundan Moskva siyosiy maqsadlarda foydalanishi, deylik, mintaqa davlatlarini o`zi yetakchilik qilayotgan siyosiy ittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilishga undashi mumkin edi. Ammo bu portlash Rossiya hududida sodir bo`layapti, shuning uchun buning mintaqa bilan siyosiy aloqalarga biror ta'sir o`tkazishi qiyin”, - deydi Alisher Ilhomov.