Vashington go’zali jinsiy zo’rlikka uchraganlar himoyasiga shay

  • Amerika Ovozi

Amerika go’zali ko’rik-tanlovining 2019-yil poytaxt Vashingtondagi g’olibi Keytlin Koks. 25 yoshli Vashington go’zali “Sukunat alomati rizo emas” tashkilotining ijrochi direktori. Tashkilot jinsiy zo’ravonlikka uchraganlar reabilitatsiyasi va bolalarni jinsiy zo’ravonlikdan asrash bilan shug’ullanadi.

Vashington go’zali tanlovi tashkiloti poytaxtda yashaydigan, ishlaydigan xotin-qizlar yutuqlarini mukofotlaydi. Keytlin Koks 2019-yil sovrindori.

“Vashington go’zali tashkiloti Amerika go’zali dasturi doirasida ishlaydi. Tanlov ishtirokchilariga har yili 25 ming dollardan ortiq stipendiya taklif qilinadi. G’oliblarga esa 10 ming dollar. Ta’lim yo’nalishlarida yana ko’plab mukofotlar bor”, - deydi Keytlin Koks.

Tashkilot ishtirokchilarga nafaqat iqtidorini, balki jamiyatga hissa qo’shish bo’yicha tashabbusini ham ko’rsatish imkonini beradi. Keytlin Koks jinsiy zo’ravonlikdan omon qolganlarga yordam berishni istadi.

“Sukunat alomati rizo emas” tashkiloti 2016-yilda tuzilgan. Jinsiy zo’ravonlikdan jabr ko’rganlar reabilitatsiyasi bilan shug’ullanadi. Qanday holatlar jinsiy zo’ravonlikka yetaklashi haqida takliflarim bor. Talabaligimda zo’rlanganman. O’sha ayanchli tajribamdan xulosa qilib boshqalarga yordam bermoqchiman. Hamkor tashkilotlar topdim”, - deydi Koks.

Keytlin Koks jinsiy zo’ravonlikdan jabr ko’rganlarga munosabat borasida qonunchilikka ta’sir o’tkazmoqchi.

“Ayni damdagi qonunlar jabr ko’rganlarga jinoyatni ochishdagi bir obyekt sifatida qarashadi, yordamga muhtoj qurbon deb emas. Shuni o’zgartirmoqchiman”, - deydi Keytlin Koks.

Vashington go’zali jinsiy zo’ravonlikka uchraganlarni oyoqqa qo’yish bilan band. Sentabrda o’tadigan “Amerika go’zali - 2020” tanloviga ham tayyorgarlikni boshlagan.