Martin Lyuter Kingning o'ldirilganiga 50 yil to'ldi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Martin Lyuter King o'limidan 50 yil o'tib...

Martin Lyuter King Amerika tarixiga fuqaro tengligi uchun kurashgan qahramon sifatida kirgan. Kuch ishlatmasdan kurashish falsafasi orqali u 20-asrda ikki yirik qonunning qabul qilinishiga sababchi bo'lgan: 1964-yilgi Fuqarolik huquqlari qonuni hamda 1965-yilgi Ovoz berish huquqlari qonuni. Bu yil uning o'ldirilganiga 50 yil to'ldi.

1968-yil, 9-aprel. Martin Lyuter Kingning so'nggi yurishi.

Bundan bir necha kun avval Jeyms Erl Rey ismli shaxs Tennessi shtatining Memfis shahridagi mehmonxona balkonida uning joniga qasd qildi.

Atlanta shahri ko'chalarida 100 mingdan ortiq odam yig'ilgan. Ular orasidan ikkita eshakka ortilgan tobutda Kingning jasadi olib o'tiladi.

Dafn marosimida o'z davrining ko'plab mashhur shaxslari ham qatnashgan: senator Robert Kennedi, bo'lajak prezident Richard Nikson va huquq faoli Jessi Jekson.

Jekson 2011-yil Vashingtonda King yodgorligining ochilish marosimida "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan edi.

"U qudrat, adolat, tinchlik va kelishuv ramzi. Ammo kelishuvga erishguncha qattiq kurashlarda g'olib chiqishimizga to'g'ri keldi", - deydi u.

Alabamadagi kurash ovoz berish huquqidan mahrum qilingan qora tanlilar huquqi uchun edi. Selma shahrida ularning namoyishi qon bilan bostirildi. Bu voqea tarixga "Qonli yakshanba" nomi bilan kirgan.

Kongressmen Jon Lyuis talabalar harakati yetakchilaridan biri bo'lgan.

"Ular ustimizga kelib tayoqlar bilan kaltaklay boshladi, otlar bilan tepalashdi, ko'zdan yosh oqizuvchi gaz qo'llashdi. Boshimga tayoq bilan urishgan. Ko'prikda hushimni yo'qotgan edim", - deya eslaydi u.

“Can we have somebody take somebody to the doctor?”

"O'lsam kerak deb o'ylagandim", - deydi kongressmen.

Telekanallarda ko'rsatilgan zo'ravonlik xalqda norozilik uyg'otadi.

"Uch qiyofadagi bu yovuzlikka qarshi chiqish muhim ekanini dunyoga ko'rsatishimiz kerak", - degan Martin Lyuter King.

Bir necha kun o'tib sud Kingga Selmadan Alabama poytaxti Montgomerigacha marsh uyushtirish uchun ruxsat berdi.

"Kasalxonada yotganimda Martin Lyuter King meni ko'rishga keldi. "Jon, xavotir olma, biz Selmadan Montgomerigacha boramiz", - deb aytdi va saylash huquqiga oid qonun qabul qilindi", - deya xotirlaydi kongressmen Lyuis.

Prezident Lindon Jonson Fuqarolik huquqlari haqidagi hujjatni imzolashidan bir yil o'tib Ovoz berish huquqlari qonuni ham qabul qilindi.

"U huquqiy jarayonga ishongan. Sudlashishning o'zi kamlik qiladi, deb namoyishlar va qonunchilikka e'tibor qaratgan. Olomonni va madaniyatni o'zgartirish uchun ommaviy yurishlar qilishni zarur deb hisoblagan", - deydi Jessi Jekson.

Eng mashhur marsh 1963-yil Vashingtonda bo'lgan.

Kingning tarixiy nutqini tinglash uchun shahar markaziga chorak million odam yig'ilgan.

Nutq qullarning peshona terisi bilan qurilgan mamlakatda erkinlik va tenglik umidi haqida edi.

"Nyu-York Tayms" muxbiri Erl Koldvel o'sha davrlarni yoritdan.

"Kingning miyasidagi narsa, u menga gapirishni xohlagan narsa shu ediki, buni u "Qashshoq odamlar kampaniyasi" deb atagan. U butun mamlakatdan qashshoqlarni yig'ib, Vashingtonga olib kelmoqchi ekanini, qashshoqlikni, ayniqsa, qora tanlilar muammosini hal qilguncha AQSh hukumati ishini to'xtatib qo'ymoqchi ekanini aytgan", - deydi jurnalist.

Fuqarolik huquqlari qonuni 60-yillarda vaziyatni o'zgartirdi, ammo, deydi faollar, haqiqiy o'zgarish juda sekin yuz bermoqda.

Bugun biz boshqacha va yaxshiroq mamlakatmiz. Irqiy aparteidga oid vahshiyona qonunlar tugagan, ijtimoiy tafovutlar yo'qoldi, ammo iqtisodiy kemtiklar bor. Biz ekrinmiz, lekin u qadar teng emas", - deydi Jessi Jekson.

Kingning tinch yo'l bilan e'tiroz bildirish yo'li bugun ham davom etmoqda. Yaqinda Vashingtonda yana bir yirik marsh o'tkazildi. Qurol nazoratiga oid yig'inga 800 ming odam to'plandi. Ular orasida Kingning nabirasi ham bor.

"Bobomning orzusi shu ediki, to'rt nafar farzandiga terisining rangiga emas, balki axloqiga qarab baho berishsin", - deydi Yolanda King.

1968-yil o'ldirilishidan oldin Kingga tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti berildi. Bugun AQShda 900 dan ortiq ko'cha va 100 dan ortiq maktab uning nomi bilan ataladi.