Modellik chetdan xush ko’rinsa-da, mehnati og’ir. Ish sharoiti, maosh, muomala uchun talashib tortishish kerak. Nyu-Yorkdagi modellar jinsiy tajovuz, bepul ishlatish kabi kamsitishlarga qarshi kampaniya boshlagan.
Sara Ziff 14 yoshidan beri podiumda. Hozir 21da. Taniqli dizaynerlar bilan ishlaydi. Manxettenning qayeriga bormang, uning tasvirini ko’rasiz. Sara “Meni suratga ol” nomli hujjatli film muallifi.
Bu kasbning orqa-o’ngini yaxshi bilgan model hamkasblarni himoya qilish uchun alohida tashkilot tuzdi. Kolumbiya Universitetida o’qiyotib, xayoliga shu fikr kelgan.
“Moda sohasi qanchalik jilolanmasin, aslida modellar qora terga botib ishlashga majbur”,- deydi Sara Ziff.
Sara Ziffning aytishicha, modellar shtatsiz xodim, kontraktor deb ko’riladi va imtiyoz, huquqlari ko’p hollarda pisand qilinmaydi. Har qanday mehnatga munosib ravishda maosh to’lanishi shart, deydi u.
“Ob-bo, modelga bunaqa siyosat, tortishishni kim qo’yibdi, deb bazilarning ensasi qotishi mumkin. Moda olami yengiltak, sayoz, deb o’ylaydiganlar kam emas. Holbuki, bu haqiqiy mehnat. Biz boshqalar kabi himoyaga, imtiyozlarga haqlimiz”, - deydi Sara Ziff.
Aksariyat modellar yosh bola paytidanoq ishga kirishadi, oilasi, hatto, vatanini tashlashga majbur bo’ladi.
“Jizel va Keyt Moss kabi mashhur, badavlat modellarga qarab hayot zo’r ekan, deyish mumkin. Lekin real vaziyat unday emas-da! Sharqiy Yevropa va Braziliyadan kelayotgan yosh qiz, bolalarni o’ylang, ingliz tilini yaxshi bilmaydi, aldanib qolaveradi”,- deydi Sara Ziff.
Furstenbergning eslatishicha, qator yirik firmalar 16 dan yosh modellarni ishga olmaydi.
Biroq “Amerika Ovozi”ning ushbu mavzu yuzasidan katta agentliklarga murojaati javobsiz qoldi.
Sara Ziff modellar ittifoqi muammoga e’tibor qaratadi, degan umidda.
"Vaqti kelib haqiqiy kasaba uyushmasiga aylanamiz, haqqimizni olamiz", - deydi u.