Modi: Amerika bilan niyat bir, manfaatlar mushtarak

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 26-iyun, 2017

Bugun Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan uchrashayotgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi fikricha, ikki davlat ko'plab mushratak manfaatlarga ega.

Amerika matbuotida chop etilgan maqolasida Modi iqtisodiy hamkorlik va savdo yuzasidan chuqur optimizm izhor etadi.

"O'sish va innovatsiya bizning qo'limizda va bu boradagi imkoniyatlarimiz cheksiz", - deydi Modi.

Kecha Modi Amerika biznes sektori va hind diasporasi vakillari bilan vaqt o'tkazdi. Bu uning Tramp prezidentlikka kelganidan beri AQShga ilk safari.

"Google" rahbari Sundar Pichai

Texnologiya kompaniyalari uchun Hindiston echiklari lang ochiq, deydi bosh vazir, nazorat-talablar minimal va shunday qoladi.

"Google", "Microsoft", "Adobe Systems", "Amazon" va "Apple" kompaniyalari rahbarlari Modi bilan muloqot qilgan. Yirik va global bizneslarni boshqarayotganlar va u yerda ishlayotganlar orasida hindlar katta sonni tashkil etadi.

Amerika millionlab hindlarga vatan. Modi bilan 1000 vatandosh uchrashdi.

Prezident Tramp nazarida Modi haqiqiy do'st bo'la oladigan lider. Hindistonning kelajagi porloq, deydi prezident, chunki xalqi faqat oldinga intilib yashaydi. Bu yurt bejiz yuqori sur'atlarda rivojlanayotgani yo'q, deya qo'shadi Tramp.

Terrorizmga qarshi kurash va xavfsizlikni ta'minlash bobida Tramp va Modi yagona strategik reja asosida ishlamoqchi. Razvedka, harbiy kuch va immigratsiya masalalarida bir yoqadan bosh chiqarish haqida gap ketmoqda, deydi Oq uy rasmiylari.

Biroq Dehlidagi siyosatdonlar tahlilicha, Tramp aslida Hindistonga kam e'tibor qaratmoqda. Oldin u bu yerda biznes qilgan, ko'plab safarlarda bo'lgan. Biroq prezident dunyoning eng ko'p aholisiga ega davlatlaridan biri bo'lmish Hindistonga loqayd, deya noliydi arboblar.

Modi ham Tramp singari siyosatdan oldin biznes bilan shug'ullangan. Amerikaga safari davomida u "General Atomics" va "Lockheed Martin" kabi harbiy vosita va qurollar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan yangi shartnomalar imzolashga bel bog'lagan.