Breaking News

Dunyo yetakchilari "Katta yigirmalik" sammitiga yig'ilmoqda


AQSh Prezidenti Barak Obama Xitoyga yetib keldi, 3-sentabr, 2016-yil.
AQSh Prezidenti Barak Obama Xitoyga yetib keldi, 3-sentabr, 2016-yil.

Jahon yetakchilari "Katta yigirmalik" sammitida qatnashish uchun Xitoyda yig'ilmoqda. Xitoy diplomatlaridan birining aytishicha, anjumanning birinchi raqamli mehmoni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bo'ladi.

4-sentabr kuni boshlanadigan anjumanda Pekin asosiy e'tiborni iqtisodiyot va atrof-muhit masalalariga qaratishni rejalayotgan bo'lsa-da, Putin muzokaralar stoliga geosiyosiy mavzularni ham qo'yishi kutilmoqda.

Rossiya matbuotining xabar qilishicha, Putin anjuman doirasida bir qator dunyo yetakchilari bilan, jumladan, AQSh Prezidenti Barak Obama, Germaniya Kansleri Angela Merkel va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ko'rishadi.

Rossiya rahbari xalqaro hamjamiyatning Ukraina mojarolari ortidan Moskvaga nisbatan oshgan nafratini kamaytirishga urinayotgan bo'lishi mumkin.

Tahlilchilar fikricha, Rossiya iqtisodiy muammolar bois xalqaro maydonda Xitoy yordamiga muhtoj va Pekin buni biladi. Ammo Putin Yaponiya kabi Xitoy bilan do'stona munosabatda bo'lmagan davlatlar bilan ham yaqinlasha olishini ko'rsatish niyatida.

"Rossiyaliklar jiddiy o'yinga aralashib qolganini Xitoy biladi. Iqtisodiy jihatdan qiynalgan va G'arb tomonidan ajratib qo'yilgan Rossiya do'stga muhtoj hozir", - deydi tahlilchi Artur Kroeber.

Yaponiya bilan aloqalar

2-sentabr kuni Putin Vladivostokda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan uchrashdi. Tomonlar iqtisodiy masalalarni hamda ikki davlat o'rtasidagi bahsli to'rt orol taqdirini muhokama qilgan.

Uchrashuv ortidan Abening aytishicha, Rossiya Uzoq Sharq mintaqasini rivojlantirish fikrida va bu masalada ikki davlat hamkorlik qilishi mumkin.

Bu uchrashuvdan noroziligini yashirmagan Xitoyning hukumatga qarashli "Global Times" nashri Yaponiyani Rossiya bilan yaqinlashib, Xitoyga geosiyosiy bosim o'tkazishga urinayotganlikda aybladi.

"AQSh va Yaponiya Xitoy bilan geosiyosiy raqobat boshlash niyatida, lekin Xitoy o'z ixtiyorini berib qo'ymaydi", deyiladi nashr e'lon qilgan maqolada.

AQSh rahbari Barak Obama o'z navbatida Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan uchrashuv chog'ida Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy bahslar mavzusini ko'tarishi kutilyapti.

"Xitoyning asosiy maqsadi shuki, u vaqt o'tib AQShning ta'sirini kamaytirishni va o'z nufuzini oshirishni istaydi. U buni ko'p tomonlama yoki ko'p qutbli yondashuv asosida amalga oshiradi", - deydi Kroebar.

Uning qo'shimcha qilishicha, Xitoy o'zining qudratli davlat ekaniga ishonadi va dunyodagi ta'siri hozirgidan ko'ra kuchliroq bo'lishi kerak, deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG