Modi Kashmir xalqidan tinchlik saqlashni so'radi

  • Amerika Ovozi

Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida uch kundan beri namoyishlar tinmayapti.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi kashmirliklardan tinchlik saqlashni so'radi. Bahsli hududda uch kundan beri zo'ravon namoyishlar tinmayapti.

Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida mahalliy isyonchilar qo'mondonining davlat xavfsizlik kuchlari tomonidan o'ldirilishi ortidan zo'ravonliklar boshlanib ketgan. Shanbadan beri 30 tacha odam halok bo'lgan, mintaqaning aksariyat qismida favqulodda holat davom etmoqda.

Bosh vazir Modi Afrika safaridan qaytib kelishi bilan yig'in o'tkazib, tinchlik saqlashni so'rab Kashmir xalqiga murojaat qilgan. U ziddiyatlarni hal qilishda shtat hukumatiga yordam va'da qilgan.

Hindiston ayni paytda xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida hududga ko'proq askar jo'natgan.

Kashmirdagi ayirmachilarning taniqli yetakchisi Mirvaiz Umar Foruqning aytishicha, askarlar sonini oshirish va ularga kengroq vakolat berish olovga moy sepgandek bo'ladi; chunki aholi bunday choralarga qarshi.

22 yoshli isyonchilar qo'mondoni Burhon Vanining o'ldirilishi ortidan ommaviy tartibsizliklar boshlanib ketdi. Bu yoshlar orasida yana qurolli qarshilik harakati yuzaga kelishiga sabab bo'lishi mumkinligi haqida xavotirlar oshgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham vaziyat yuzasidan xavotir bildirib, tomonlarni zo'ravonlikdan tiyilishga hamda kelishmovchiliklarni tinch yo'l bilan hal qilishga chaqirgan.