Din

Amerikaning musulmon yoshlari va g’oyaviy kurash

  • Amerika Ovozi
Boston portlashlarida ikki yosh musulmon yigitning ishtirok etgani Amerikadagi musulmonlar jamiyatini tahlikaga qo’ydi.
2011-yilda AQSh o’tkazilgan so’rov natijalaridan shu narsa ma’lumki, katta yoshli musulmonlarning 59 foizini 18 yoshdan 39 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi. Bu yosh toifasi jami aholi orasida 40 foizga teng. Demak, amerikalik musulmonlar nisbatan yosh. Bu esa ularning imkoniyati yuqori, ayni paytda yoshlar bilan bog’liq muammolari ko’p ekanini ko’rsatadi.

Boston portlashlarida ikki yosh musulmon yigitning ishtirok etgani Amerikadagi musulmonlar jamiyatini tahlikaga qo’ydi. Ular ayrim yoshlarning ekstremist g’oyalarga tez berilib ketayotganidan xavotirda.

Tahlilchilar fikricha, ularni bu yo’ldan asrashda jamiyat yetakchilarining o’rni muhim. Vashington yaqinidagi “Dorul Hijra” islomiy markazi imomi Javhariy musulmonlar orasida zo’ravonlikka qarshi faol tashviqot olib bormoqda.

“Men yoshlarga qora amerikaliklar boshdan kechirgan voqealarni aytib beraman. Ularni ozod qilgan va ijtimoiy o’zgarish olib kelgan narsa zo’ravonlik emas. Bu oqlarning, qoralarning, dindor va hukumat vakillarining birlashib, ayirmachilikka qarshi chiqa olgani va bu tuzum AQSh konstitutsiyasiga hamda Xudoning irodasiga zid ekanini ayta olgani natijasidir. Biz shunday qildik”, - deydi imom Javhariy.

Brukings instituti tahlilchisi Piter Skerri yaqinda musulmon yoshlari yuzlashayotgan muammolar haqida maqola yozdi. Unga “Skype” orqali bog’landik.

“Musulmon yetakchilari musulmon yoshlari yoki, umuman, musulmonlar bilan yetarlicha aloqa qila olmayapti. Ular turli yo’nalishlarda ishlayotgandek ko’rsatishadi o’zlarini, ammo bu ularning mavqeiga xos narsa emas”, - deydi Skerri.

Ammo imom Javhariy yoshlarni nazorat qilish uchun butun jamiyat birga harakat qilishi lozimligini aytadi.

“Musulmon saratoni, musulmon dardi deyishadi. Bo’lmagan gaplar. Islomiy zo’ravonlik degan narsa yo’q. Bular ayrim yoshlarning o’z shaxsiy hissiyotlari va muammolari bilan bog’liq holat. Qo’limizdan kelganini qilyapmiz. Ammo bu yetarli emas. Muammoni hammamiz birgalikda hal qilishimiz kerak. Hammamiz jon kuydirishimiz kerak bo’ladi. Shunday emasmi?” - deydi imom.

Bolalarni noto’g’ri yo’llardan himoyalashda ota-onalarning ahamiyati katta. Ayniqsa, yoshlarning internetdagi faoliyatidan ogoh bo’lish lozim. Mas’ud Xon va uning rafiqasi to’rt farzandning ota-onasi. Masalaning dolzarbligini yaxshi tushunamiz, deydi ular.

“Xotinim bu masalada juda qattiq. Bolalarim nima bilan mashg’ulligini yaxshi bilamiz. To’rt farzandimning hammasi - qizlarim va o’g’illlarimning internetda, kompyuterda nima qilishi kuzatuv ostida. Ularning faoliyatidan ogohmiz”, - deydi Mas’ud Xon.

Xonnig aytishicha, ota-onalar bolalari bilan ko’proq birga vaqt o’tkazishi kerak. Diniy va ijtimoiy faoliyat o’rtasida muvozanat saqlanishi kerak, deydi u.