Musulmonlar demokratlar qurultoyida qatnashmoqda

  • Amerika Ovozi

Demokratlar partiyasining 2016-yilgi qurultoyida musulmonlar ham qatnashmoqda. Ular Filadelfiya musulmon amerikalik mezbon qo'mitasi hamda jamiyat yetakchilari bilan ozchilik diniy guruh vakillarinig saylovdagi ishtirokini muhokama qilmoqda.

Delegatlar hamda jamoa faollari musulmonlarni saylovda hamda siyosiy hayotda faol qatnashishga chaqirmoqda.

Amerikada musulmonlar jami aholining bir foizini tashkil qiladi, lekin tez o'sayotgan qatlam hisoblanadi. Kim yutishi noma'lum bo'lgan Michigan, Virjiniya, Minnesota va Kaliforniya kabi shtatlarda ular hal qiluvchi rol o'ynashi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

"Musulmonlar ovozi muhim ahamiyat kasb etadigan joylar ko'p", - deydi Kongressdagi birinchi musulmon qonunchi Keys Ellison.

"Odamlar uchun ne'mat bo'ling"

"Faol bo'ling, aralashing, o'zingiz yashaydigan jamiyat ucun ne'mat bo'ling. Yaxshiroq, kuchliroq jamiyat qurish uchun zimmangizga mas'uliyat oling", - deya qo'shimcha qiladi minnesotalik demokrat qonunchi.

Ellison va boshqa musulmon yetakchilarining aytishicha, musulmonlar nafaqat iqtisodiyotda, balki mamlakatning siyosiy hayotida, xususan, kelayotgan saylovlarda faol qatnashishi kerak.

"Ovozimizni eshitishlarini xohlasak yoki AQShdagi hayotimizni yaxshilashni istasak, oldimizdagi yagona yo'l siyosatda ishtirok etish", - deydi virjiniyalik san'at ustasi Omar Ahmadzoy.

"Siyosiy faol bo'lish orqali biz jamiyatimizga e'tiborsiz qarashlari yoki bizga zarar keltiruvchi siyosatlar qabul qilishlari imkoniyatini kamaytiramiz, - deydi Ahmadzoy. - Agar siyosatga aralashmasak, jamiyatimizga xizmat ko'rsatmagan bo'lamiz".

Ayniqsa, musulmon yoshlari faol bo'lishi kerak, deydi partiya qurultoyida qatnashgan ayrim faollar.

"Biz yoshlar kelajakmiz. Shunday ekan, stolga o'tirib, siyosiy jarayon va qaror qabul qilishning bir qismi bo'lishimiz kerak", - deydi siyosiy faol Salima Sazval.

AQSh siyosatida qatnashish islomga to'g'ri kelmaydi, deb fikr yurituvchi musulmonlar ham bor. Ularga ko'ra, mamlakatning ayrim qonunlari din talablariga zid. Lekin Filadelfiyada yig'ilgan musulmonlar bunday da'volarni rad etadi.

"Tarixni o'qishsin"

"Islom tarixini o'qishsin. Qur'onni va payg'ambar Muhammad hadislarini qayta o'qishsin", - deydi Amerika-Islom aloqalari kengashi ijrochi direktori Nihad Avad.

"Agar yaxshi musulmon bo'lsangiz, yaxshi amerikalik ham bo'lishingiz kerak. Mana shu e'tiqodim meni yaxshi amerikalik bo'lishga va faol ishtirok etishga undayapti", - deya qo'shimcha qiladi u.

Virjiniyada bir necha yil saylov rasmiysi bo'lib ishlagan Tohira Shirzayga ko'ra, ayrim guruhlar siyosiy jarayonda kamdan-kam ishtirok etadi.

"Ular hayotlariga doxil muhim qarorlar qabul qilinishida ishtirok etish imkoniyatidan bebahra qolishadi, - deydi Shirzoy. - Ayniqsa, ko'plab baxtsiz hodisalar uchun ayblanayotgan musulmonlar faol bo'lib, o'z foydalari va farzandlari kelajagi uchun qanday ovoz berishni o'rganishlari kerak".

Pyu tadqiqot markazi o'tkazgan so'rovga ko'ra, AQShda hozir musulmonlar soni 3,3 million atrofida. 2009-yilgi so'rovga ko'ra esa, musulmonlar eng yuqori oliy ta'lim olish bo'yicha barcha diniy guruhlar orasida ikkinchi o'rinni egallaydi.