Tailand chegarasida va Myanma janubi-sharqidagi Karen shtatida 250 mingga yaqin qochqin va ichki ko’chirilgan insonlar lagerlar va vaqtincha boshpanalarda hayot kechirmoqda. Bu yerlarda oziq-ovqat tanqis, koronavirus tarqalish xavfi yuqori. Ustiga-ustak, Myanma kuchlari qurollangan etnik guruhlar bilan olishib turadi.
Lager rahbari yil boshida ushbu mojaroni tilga olgan edi. Bugunga kelib vaziyat deyarli o’zgarmagan.
“Qishloqdagilarning ayrimlari chorvasidan ayrilgan, chunki Myanma askarlari kelib, cho’chqa, tovuq, o’rdak va sigirlarini otib ketdi. Odamlar qochib, lagerga sig’inishga majbur bo’ldi” - deydi So So Key.
Karen shtatidagi mo’rt sulhga qaramay, to’qnashuvlar tez-tez bo’lib turadi. Bunga ko’plab infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgan hudud uchun kurash qisman sabab bo’lmoqda.
2018-yilda Myanma armiyasining hujumi paytida jiyanidan ayrilgan Ja Key Elga o’xshagan lager qariyalari tinchlikdan umidini uzgan.
“To’qnashuvlar davom etadi deb o’ylayman. Urush hech qachon to’xtamagan, tugamagan. Umrim bo’yi mojarolardan qochib yuraman. Mojaro to’xtasagina, hayotim yaxshi tomonga o’zgaradi. Shunda qochishga hojat qolmaydi”, - deydi u.
Chegarada yashovchi qochqinlarning aksariyati taycha so’zlashadi, qo’shimcha daromad topish uchun lagerdan tashqarida ham ishlaydi, biroq ishlashga ruxsati yo’qligi uchun kimdir ish beruvchi tomonidan tahqirlanadi, kimdir esa tay politsiyasi qo’liga tushadi.
Shu sabab ko’p gumanitar tashkilotlar Tailand hukumatini qochqinlarga boshpana berishga chaqirib keladi.
“Tailandda qonuniy ishlash uchun hujjatni tezlashtirish Myanmaga hali-beri qaytishga tayyor bo’lmagan odamlar yuzlashayotgan asosiy muammo. Ular ishlasa, jamoalariga pul jo’natib turadi xoh bu jamoalar Myanma janubi-sharqida bo’lsin, xoh qochqinlar lagerida”, - deydi “Chegara konsorsiumi” tashkilotidan Dankan Makartur.