Amerika hayotidan: Tub aholi madaniyatini o’rgatuvchi kollej

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-Meksiko shtati Santa-Fe shahrida bir dargoh 55 yildan beri Amerika hindulari san’ati va madaniyatini o’rgatib keladi. Institut nafaqat tub aholi, balki barcha irq vakillaridan iborat talabalarni jalb qilmoqda.

Amerika hindulari san’ati va madaniyati instituti mamlakat janubi-g’arbidagi cho’l zonasida joylashgan. 56 gektarli maydondan iborat o’quv yurtida 500 ga yaqin talaba Amerika tub aholisi madaniyati va san’atini o’rganadi.

Institut prezidenti Robert Martin Cheroki qabilasidan. Uning aytishicha, bu yerda 100 ga yaqin qabilaga mansub talabalar o’qiydi.

“O’qiyotganlar, asosan, tub aholi vakillari bo’lsa-da, ularning kelib chiqishi xilma-xil. Hindu bo’lmagan talabalar ham bor. Eshigimiz barchaga ochiq. Maqsadimiz mahalliy aholi qarashlarini aks ettirish. Dargohning o’ziga xosligi ham shu bo’lsa kerak. Bu yerda hech kim o’zini begona his qilmaydi, deyarli bir oiladay”, - deydi u.

Daniel Yazzi talaba. Unga bu yerdagi iliqlik yoqadi.

“Izolyatsiyada o’sganman. O’zimni chetlatilgan his qilardim. Atrofimda boshqa hindu qabilalari ham bo’lgan, biroz bilganim faqat Navaho qabilasi edi. Bu yerga kelib Yaki, Papago, Pueblo kabi qabilalar qarashlarini ham o’rgandim”, - deydi u.

Dalores Skarlet Kortez o’z ajdodlarini fotografiya va bosmaxona sirlarini o’rganish orqali kashf qilyapti.

“Bolaligimda ota-onam ajdodlarimiz haqida hech gapirmagan. Shuncha narsani bilmay ulg’aygan ekanman. Bitirsam, mahallamga borib, men uchun qadrdon insonlarning suratlarini olib, ularni salqashni yo’lga qo’ymoqchiman”, - deydi u.

Bu yerda o’qigan talabalar mahallasiga borib bilimini tatbiq qilishi odatiy hol, deydi Robert Martin.

“Biror talabadan oliy o’quv yurtiga kirish sababini so’rasangiz, ko’pincha ishlash uchun deydi. Bizda o’qiyotgan talabalar shu savolga mahallam, oilam uchun xizmat qilmoqchiman, deb aytadi. Shunisi bilan ham talabalarimiz boshqacha“, - deydi institut rahbari.

Daniel Forest shu dargohni tanlaganidan mamnun, u kelajakka ishonadi.

“Yurish-turishimga jiddy e’tibor berishni o’rgandim. Sababi G’arb madaniyatidagilar o’zini shu yerning egasidek tutadi, ularda biroz agressiya bor. Dunyoning ko’pgina qismida shunday. Lekin bunaqa qarashlar bu yerga to’g’ri kelmaydi. Hammasini o’z o’rnida ishlatishni o’rganyapman”, - deydi u.

Ba’zi bitiruvchilar yillar o’tib dars berish uchun bu yerga yana qaytadi.

Antoni Diter bitirganiga 25 yil bo’lgan. Hozir u film yaratish sirlarini o’qitadi. Talabalar odatiy emas, doirasimon ekranlarda tomosha qilinadigan kartinalar ustida ishlaydi. Diter yangi texnologiya va o’z madaniyati orasida bog’liqlik ko’radi.

“Bizning mahalliy madaniyatlarimiz odatdagidek emas. Ular rang-barang, doiradek bir joyda aylanadi. Yangi texnik vosita hayotimizni uch o’lchamda ifodalash imkonini beradi”, - deydi u.

Diterga ko’ra, texnologiya va madaniyat bir-birini to’ldiradi.

“Gollivud paydo bo’lgandan beri tub amerikaliklar haqida 4000 tacha film ishlangan. Ularga aytadiganim shu: biz haqimizda shu paytgacha nima degan bo’lsangiz, eshitdik. Endi o’zimiz haqimizda aytadiganlarimizga quloq tuting”, - deydi ijodkor.

Talabalar nafaqat o’quv yurtida, balki dunyo bo’ylab o’z ovozini va qarashlarini tarqatish harakatida.