Amerika maktab o’quvchilari har yili oktabrda “Kolumb 1492-yil…”, - deya she’r yodlaydi. Oktabrning ikkinchi dushanbasi Kolumb kuni - Qo’shma Shtatlar bo’ylab umumxalq bayrami.
Lekin Kolumb yevropalik qonxo'r qaroqchi bo'lgan, g’arbiy yarimsharning tub aholisini - hindu qabilalarni ayovsiz qirgan, deydigan amerikaliklarda chuqur g’azab uyg’otib keladi.
Asrlar mobaynida tanilgan Xristofor Kolumb haqidagi dostonlarning aksariyati aslida yolg’on, deydi tarixchilar. Kolumb Italiyadan emas, shimoli-sharqiy Ispaniyadan bo'lgani aniq.
U yer kurrasi yumaloqligini isbotlagan degan manbalar bor. Lekin Kolumb kashf etgan geografiyani grek, rim, arab olimlari asrlar oldin oshkor etgan. Yevropa ham aslida buni bilgan.
Kolumb haqidagi eng mashhur afsonaga ko'ra, u Amerikani kashf etgan. U hatto Shimoliy Amerikani ochgan birinchi yevropalik ham emas, bu qit’aga taxminan 500 yillar avval skandinaviyalik Leyf Erikson qadami yetgan.
Amerikalik jurnalist Vinsent Skilling Kolumb Shimoliy Amerikaga qadam bosmagan, deydi. U hozirgi Bagama orollari, Gaiti, Dominika Respublikasi bo’ylab suzgani ma'lum.
“Kolumb va uning odamlari mahalliy hindularni oltin qidirishga majburlagan. Topolmagan yoki bosh tortganlarning qo’lini kesgan. To’qqiz yoshli qizlarni erkaklarga tortiq, chaqaloqlarni esa quturgan itlarga yem qilgan. Ispaniyaga esa zanjirbandligicha qaytganiga qaramasda, avf etilgan”, - deydi jurnalist.
Tub aholi Kolumb kunini bayram qilmay, qabilalar tarixini xotirlashni odat qilaylik, deydi. Kaliforniya shtatida bu masala muhokamada. Boshqa shtatlar ham Kolumb kunini nishonlashdan bosh tortib, “Amerika tub aholisi kuni”, “Mahalliy hindular kuni” yoki “Mahalliy xalq kuni” bayrami sifatida davom ettirmoqchi.
Bu mavzu 1977-yilda ham BMT doirasida ko’tarilgan edi. 40 yildirki tortishuvlar tinmaydi.
Chikago tadqiqotchilar markazidan Jastin Xaskins o'z tahliliga ega.
“U yangi yerlarni kashf qilgan. Kolumb G'arb sivilizatsiyasini kengaytirgan. Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikada Yevropa mustamlakalari ildiz otib, ular keyinchalik G'arbdagi eng qudratli davlatlarga aylangan", - deydi u.
Olim yaqinda Virjiniya shtatida namoyishga chiqqanlarga qarata qiziq bir gapni aytdi: "Agar faqatgina komil insonlarni yodda tutishni xohlasak, unda hech kimni ardoq bilan eslamaslikka to’g’ri keladi”.
Italyan-amerikaliklar esa bu g’oyaga qarshi. Ulaning ota-bobolari XIX-asrning oxirlari XX-asrning boshlarida kela boshlaganida kamsitilgan. Ular Kolumbni italyan-amerikaliklar timsoli deb bilishadi.
Anjelo Vivolo Kolumbning tarixiy rolini targ'ib qiluvchi tashkilot rahbari:
“Xristofor Kolumb dengizchi, tadqiqotchi, keyinchalik esa mustamlaka hukmdori bo’lgan. Uni ko'p qoralashgan lekin undan qolgan merosni inkor eta olmaymiz", - deydi.
Katolik jamiyatlar ham Kolumbni ulug'laydi. O'tmishdagi azob-uqubat uchun bir kishi aybdor emas, deydi ular.