Bugun NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Belgiya, Bryusseldagi uchrashuvida Afg’oniston bosh mavzu.
Koalitsiya qo’shinlari mamlakatda qancha vaqt qolishi savol ostida, chunki Fransiya ketidan Qo’shma Shtatlar ham bu mamlakatni erta tark etishi haqida xabarlar tarqalmoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta kuni-kecha kutilmagan bir bayonot bilan chiqdi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh Afg’onistondagi jangovar harakatlarni 2013-yilda yakunlashni maqsad qilgan. Undan so’ng mahalliy armiyaga maslahatchi va murabbiy roliga o’tmoqchi.
Bayonotdan ko’pchilik hayron, chunki 2014-yil oxiriga borib xalqaro koalitsiya missiyani tugatishi haqida rasmiylardan bot-bot eshitganmiz. Afg’on qurolli kuchlari davlat himoyasiga hali tayyor emasligi ham barchaga ma’lum.
“2013-yilning o’rtalariga borib, barcha viloyatlar xavfsizligini afg’onlarga topshirishni ko’zlaganmiz. Undan keyin harbiy mashq va treyninglarga zo’r beramiz”, - deya tushuntiradi Rasmussen.
Shunisi aniqki, Fransiya qo’shinlari kelasi yil oxiriga borib Afg’onistonni tark etadi. O’tgan hafta bir afg’on zobiti fransuz askarlarini o’qqa tutgach, prezident Nikolya Sarkozi shu qarorga kelgan.
Biroq AQSh ham unga ergashadimi degan savolga rasmiylar mujmal javob beradi.
“Harbiy strategiyada biror fundamental o’zgarish bo’lgan emas”, - deya ishontiradi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni. “Belgilangan sana o’sha-o’sha, ya’ni 2014. Qaror qabul qilishda Afg’onistondagi vaziyatni ham hisobga olamiz”.