NATO Boltiq davlatlariga askar jo'natadi

  • Amerika Ovozi

NATO Polsha, Estoniya, Latviya va Litvaga xalqaro harbiy kuchlarni jo'natadi. Bu haqda alyans rahbari Jens Stoltenberg ma'lum qildi. Mazkur davlatlar Rossiya tahdididan xavotirlanib NATOdan qo'shimcha harbiy yordam jo'natishni so'rab kelayotgan edi.

"Bu chora NATOning o'z ittifoqchilarini himoya qilishga tayyor turishini bildiradigan ogohlantirishdir", - dedi Stoltenberg.

Iyul oyida Polsha poytaxti Varshavada bo'ladigan NATO sammitida shu haqda so'nggi qaror berilishi kutilyapti.

Boltiq davlatlaridagi ayrim yetakchilarning aytishicha, ular hududiga joylashtiriladigan kuchlar miqdori juda kichik bo'lib, Rossiya bosqinini qaytarishning uddasidan chiqa olmaydi.

"Ular chegarada harbiy mashqlar qilib, so'ng bir necha soat ichida bosib olishga o'tishi mumkin", - deydi Litva Mudofaa vaziri Yuozas Olekas Rossiya tahdidiga ishora qilib.

Yevropadagi AQSh armiyasi qo'mondoni Ben Hodjes bu xavotitlarga qo'shiladi.

"Bu muvaqqat ish. Jiddiy urush olib borish salohiyatiga ega choralar ko'riladi, degan umiddaman. Chunki hozirgi vaziyatda hujumni bartaraf etib bo'lmaydi", - deydi u.

So'nggi o'zgarishlarga Rossiya hali munosabat bildirmadi. Ammo Kreml NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashayotganidan tashvish bildirib, bunga qarshi munosib choralar ko'rilishi haqida ogohlantirib keladi.

O'tgan yil dekabrda qabul qilingan Rossiya milliy xavfsizlik strategiyasida NATO ochiq tahdid sifatida tilga olingan.